Mulohazalar Hikoyalar Haqida Mashg'ullik Reports Hozir qo'shiling
U-Reportga qo'shiling, Sizning fikringiz muhimdir.
STORY
Karantin davrida tadbirkorlarda qanday muammolar?

U-Report Ozbekiston Yoshlar Ittifoqi bilan hamkorlikda karantin paytida yosh tadbirkorlarga qanday yordam berish mumkinligini aniqlash uchun ular qanday muammolarga duch kelayotganligini bilish maqsadida so‘rov o‘tkazdi.

Hozirda Hukumatimiz biznesni qo’llab-quvvatlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda: batafsil https://www.norma.uz/uz/bizning_sharhlar/prezident_tomonidan_iqtisodietni_qullab-quvvatlashga_doir_navbatdagi_farmon_imzolandi

So‘rovda mamlakat bo‘ylab 9000 ga yaqin respondentlar ishtirok etdi, ulardan 2600 dan ortig’i yoki 30%i biznes bilan u yoki bu ko’rinishda shug‘ullanishini bildirishgan: o‘z biznesiga egalik, biznes hamkorlari bilan birgalikda, oilaviy biznes yoki turli masalalarda biznesga yordam berish. So‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 27%dan ko'prog'i ayollardir.

 

Karanting davridagi TADBIRKORLIK haqidagi SOROVNOMANING ASOSIY NATIJALARI:

1.       Tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullangan respondentlarning 38%i o'z biznesiga ega; qolganlari biznesni oila azolari bilan, hamkorlari bilan olib boradi yoki biznesni yuritish uchun turli xil masalalarida yordam beradi.

2.       45% respondentlar karantin biznesini vaqtincha yopishga majbur qilganini va 7% butunlay biznesini yopganligini aytishdi.

3.       Biznes yuritayotgan respondentlarning atigi 14%iga karantin salbiy ta'sir ko'rsatmagan.

4.       Karantin davrida o'z biznesini saqlab qolish uchun ko'p hollarda quyidagi uchta choralar qo'llanilgan: o'z ishini uydan/masofadan olib borish, xodimlarini ishdan bo'shatish yoki ularni ta'tilga yuborish, faoliyat turini o’zgartirish.

5.       Respondentlarning 29%i karantin davrida biznesini yuritishdagi asosiy muammo buyurtmalar / xaridorlarning yo’qligini ta'kidladilar. Ikkinchi muhim muammo – transportning cheklanishi (28%). Xom-ashyo tanqisligi respondentlarning 11%i uchun muammolarni keltirib chiqqani aniqlandi.

6.       Respondentlarning 28%i biznesini qaytadan tiklashga faqat vaqt yordam berishi mumkin deb hisoblashadi.

7.       Ishbilarmonlar olishni xohlaydigan yordam: foizsiz kreditlar (18%), transport bilan ta'minlanishi (17%), soliqlarni kamaytirish yoki bekor qilish (9%).


U-Reportyorlarning 38%i o'zlarining shaxsiy bizneslari borligini, 34%i - oilaviy biznesi borligini, 20%i turli masalalarda yordam berishlarini va 9%i hamkorlari bilan birgalikda biznes qilishlarini ta'kidladilar. Shu bilan birga, erkaklarga qaraganda 10% ko'proq ayollar oilaviy biznes bilan shug'ullanishar ekan. Saxsiy biznesini yuritishda ayollarga nisbatan 6% ko’proq erkaklar ustunlik qiladilar.



Karantin respondentlarning 45%ining biznesini vaqtincha yopishga majbur qilgan, 7%i esa butunlay yopishga majbur bo’lishgan. Shu bilan birga, so'rovda ishtirok etgan ayollarning deyarli yarmi vaqtincha yopilganligini aytishdi. Respondentlarning 14%i kamroq daromad olayotganliklarini va 14%i esa xarajatlarni qoplash uchungina ishlayotganliklarini ta’kidlashdi.

Respondentlarning atigi 10%i Covid-19 infektsiyasining tarqalishi bilan bog'liq karantin biznesiga ta'sir qilmaganligini aytishdi. Tadbirkorlarning 4%ida esa daromad ko'paygan.


Barcha respondentlarning 38%i o'z biznesini davom ettirish uchun hech qanday chora-tadbirlarga muhtoj emasliklarini bildirishgan. Shu bilan birga, ayollarning 21%i va erkaklarning 16%i o'z biznesini Internetga yoki masofadan boshqarishga o'tkaza olganlar. 15% erkaklar va 12% ayollar javob berishga qiynalishdi.

"Boshqa" variantini tanlagan respondentlarning 10%i biznesini saqlab qolish uchun qanday choralar ko'rilganligini aytib o’tishdi:

1.       Oziq-ovqat mahsulotlari (oziq-ovqat va boshqalar) mahallalarda arzon narxlarda tarqatilmoqda, uyga etkazib berish xizmati yo’lga qo’yildi.

2.       Aholini sabzavot, meva va boshqalar bilan ta'minlash uchun yengil tipdagi issiqxona qurildi.

3.       Karantindan keyingi vaqt uchun biznes-rejalar tuzilmoqda.

4.       Tovarlar uydan olib ketilmoqda, chunki iste'molchilarga tovarlarni yetkazib berish imkonsiz bo'lib qoldi.

5.       Ba'zi xodimlar mehnat ta'tiliga yuborildi.

6.       Ichki zaxiralardan foydalanilmoqda (tejash, xom ashyo ko'rinishida), ammo ular asta-sekin tugab bormoqda.

7.       Barcha eksport yo'llari yopilganligi tufayli, mevali mahsulotlarni eksport qilish bilan nima qilishni bilishmayapti.

8.       Avtoulov biznes va tadbirkorlik bilan shug'ullanish uchun foydalanishga ruxsat berilmaganliklari sababli to'liq yopildi.

9.       Ish paytida xavfsizlik va gigiyena qoidalariga rioya qilmoqda.



Respondentlarning 29%i karantin davrida biznesini yuritishda asosiy muammo buyurtmalar / xaridorlar yo’qligini aytishdi. Ikkinchi muhim muammo - transportni cheklashi. Ushbu muammoni ayollarga (24%) qaraganda ko'proq erkaklar (30%) sezdilar. Shu bilan birga, tadbirkor ayollarning 34%i uchun asosiy muammo buyurtma yoki mijozlarning yetishmasligi. Uchinchi o'rinda – xom ashyo tanqisligi muammosi – respondentlarning 11%i bu muammoni aytdilar.

 

"Boshqa" javob variantini tanlagan respondentlarning 10%i karantin paytida o'z biznesining asosiy muammolarini ko'rsatdilar:

1.       Yuqoridagi barcha muammolar.

2.       Mijozlar va sotuvchilar uchun ma'lum joylarni yopilishi: turizm, aviaqatnovlar, oziq-ovqat bolmagan tovarlar savdosi, qurilish mollari, avtoulovlarga ehtiyot qismlari, ta'lim xizmatlari.

3.       Keyingi mavsumga tayyorgarlik ko'rish uchun vaqt yetishmasligi.

4.       Yerni parvarishi uchun u yerga borishning imkoni yo'qligi, tovarlarni tashish va yetkazib berish muammosi.

5.       Tovarlar / xizmatlar / xom-ashyo narxlarining keskin o'sishi, xom-ashyo yetishmasligi.

6.       Soliq muammolari.

7.       Kredit olish, qaytarish, qarz olish uchun onlayn tarzda murojaat qilish, kredit foizlarini to'lash bilan bog'liq muammolar.

8.       Koronavirus epidemiyasi tufayli marketing tadqiqotlarini o'tkazish, odamlar bilan muloqot qilishda qiyinchiliklar.

9.       Chorvachilik sohasida chorva uchun ozuqa yetishmasligi va narxi bilan bog'liq muammolar.

10.   Shaxsiy xavfsizlikda muammolar.

11.   Respublika bo'yicha pul mablag'lari va pul muomalasining to'xtatilishi.

12.   Internet ulanishining yuqori narxi, past tezlikdagi Internet.

13.   Xodimlarni ish haqi bilan ta’minlash bilan bog'liq muammolar.

14.   Binolarni ijaraga olishdagi qiyinchiliklar.

15.   Sotib oluvchining moliyaviy resurslari yetarli emasligi sababli, ko'rsatilgan xizmatlarni to'lash bilan bog'liq muammolar.

 

U-REPORTYORLARNING BA’ZI FIKRLARI:

Keyingi mavsumga tayyorgarlik qilishga ulgurmaymiz, katta miqdorda ostatka qoldi, baxor uchun qilingan tayyorgarlik karantin davriga tog'ri keldi. Oqibatda bizni zastoy kutmoqda. Xamma muammolar keyin boshlanada- ijara, soliq, ishchilar bilan xisob-kitob, yetkazib beruvchilar bilan xisob-kitob.

Chet eldan tovarlarni olib kirish bilan bog'liq muammolar, shuningdek kuryerlarni qidirish. Yandex, MyTaxi va boshqa taksilarining juda cheklanganligi. Ba'zan kun davomida etkazib berish uchun band bo’lmagan mashinani topib bo'lmaydi.

Go'sht uchun broyler tovuqlarini ishlab chiqarish bo'yicha biznesim bor, karantin tufayli yem va ozuqa mahsulotlari narxi ko'tarildi, moliya etishmovchiligi bor va menda hozirda resurslar yo'qligi sababli bir oydan ko'proq vaqt davomida bankdan qarz ololmadim.

Xususiy bog‘cha tashkil qilgan edim faoliyatim butkul to‘xtatildi. Ish xaqqi, oziq ovqat uchun, soliq va kommunal to‘lovlarida muammolar yuzaga keldi.

Menda o'quv markazim bor va biz o'quv yurtlaridagi karantin tufayli yopilishga majbur bo'ldik.

Biz tadbirlarni tashkil qiladigan kontsert agentligimiz. Ko'ngilochar industriya shunchaki yopildi.

Bankda kreditimiz bor, bank PF-5886 bòyicha faqat asosiy qarzni muddatini uzaytiramiz deydi foizni qayerdan tòlayman. Hamma tashkilotlarda karantin bòlsa

Tarmoqni kredit hisobiga ochganman. Hozir kreditni qaytarishda muammo mavjud. Kredit ta'tiliga onlayn murojaat qildim.

Daromad 0 ga teng. O’z biznesimni qoyib boshqa pul topish yollarini izlayapman. Biron ish qilmasam qarzga botib ketaman.

Bizning mijozlarimiz bulgan boshka tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyati tuxtab kolganligi xizmatlarimizga bulgan tvlabni kamayishiga olib keldi. Bu daromomadimizni 40 foizgacha kamaytirdi.

Ko'rsatilgan xizmatlarni to'lash bilan bog'liq muammo. Iste'molchilar kelishilgan miqdorni to'lash imkoniyatiga ega emaslar.

Nodavlat tijorat o'quv markazlari, xususiy bolalar bog'chalari, maktablar va o'quv markazlarining yopilishi sababli o'quvchilar yo'q. Abiturientlar uyda bo'lganligi sababli masofaviy ta'lim etarli daromad keltirmaydi.



So'rovda ishtirok etganlarning 28%i joriy qilingan karantin tez orada tugashiga va ular o'z biznesini davom ettirishlariga umid qilishmoqda. Bundan tashqari, erkaklarga (26%) qaraganda ko'proq ayollar (32%), ularga faqat vaqt yordam beradi deb o'ylashmoqda. Respondentlarning 18%i foizsiz kreditlar bilan ta'minlanishini xohlashmoqda, 17%i transport xizmatiga ehtiyoji borligini aytdilar. Tadbirkor ayollar foizsiz kreditlarga (12%) qaraganda, ko'proq transport (16%) bo’yicha yordam olishni xohlaydilar.

9% tadbirkorlar uchun o'z biznesini qo'llab-quvvatlanishini soliqlarni kamaytirish yoki bekor qilish orqali ko’radi.

"Boshqa" javob variantini tanlagan respondentlarning 6%i karantin davrida o'z biznesini davom ettirish uchun qanday yordam kutayotganini yozganlar:

1.       Yuqoridagi barcha qo'llab-quvvatlash choralari.

2.       Tovarlar / xom-ashyolarni avtomobil transportida yetkazib berishga ruxsat berish, mahsulotlarni haftasiga kamida bir marta iste'molchilarga yetkazib berish imkoniyatini olish.

3.       Kerakli xom-ashyoni yetkazib berish uchun shaharlar o'rtasidagi transport yurishini qayta tiklanishi.

4.       Karantin paytida xodimlarga kompensatsiya to'lashga yordam berilishi.

5.       Asosiy mahsulotlar, xom-ashyolar bilan qo'llab-quvvatlanish.

6.       Karantin tadbirlarini tugatish.

7.       Binolarni ijaraga olish, shuningdek transport vositalarini ijaraga berish narxini kamaytirish / bekor qilish.

8.       Kreditni karantin tugaguniga qadar muzlatib qo'yish, garovsiz, ammo foizli kredit olish imkonini berish, vaqtincha kredit ta'tilini berish.

9.       Uy tomorqalarida ishlab chiqarilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlariga soliq solmaslik uchun karantin davrida soliqni to'lashni to'xtatib turish.

10.   Subsidiyalarni olish.

11.   Internet muammolarini hal qilish, chekka hududlar uchun Internetni arzon qilish.


Shuningdek, o'z biznesingiz bo’yicha savollar bo’lsa, Yosh tadbirkorlar markaziga qo'ng'iroq qiling:

📱 Farg’ona viloyati: +998999195993

📱 Andijon: +998979982321

📱 Namangan: +998912801819

📱 Toshkent sh.: +998998584398

📱 Sirdaryo: +998977737999

📱 Jizzax: +998985617111

📱 Samarqand: +998995955611

📱 Qashqadaryo: +998914601001

📱 Surxondaryo: +998975346446

📱 Navoiy: +998997502028

📱 Buxoro: +998914112442

📱 Xorazm: +998999655567

📱 Qoraqalpog’iston: +998999555626

📱 Toshkent viloyati: +998944420707


Izoh: Soʻrovlar natijasida olingan maʼlumotlar UNICEFning fikrini aks ettirmaydi, reprezentativ maʼlumotlar hisoblanmaydi va ushbu U-Report so’rovida qatnashgan 2642 tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanadigan respondentlarning fikrini aks ettiradi.

Ijobiy ijtimoiy o'zgarishlarga erishishda yoshlarning fikrlarini qanday qo'llayotganimizni raqamlarda ko'ring.
MASHG'ULLIK BAYONI
UNICEF logo