Mulohazalar Hikoyalar Haqida Mashg'ullik Reports Hozir qo'shiling
U-Reportga qo'shiling, Sizning fikringiz muhimdir.
STORY
⚖️ Siz o‘z huquqlaringizni bilasizmi? Ulardan foydalanasizmi?

⚖️ Siz o‘z huquqlaringizni bilasizmi? Ulardan foydalanasizmi?

17-noyabr, 2025 г.

 

Hamkorlar: UNICEF, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)

 

So‘rovnoma maqsadi: 20-noyabr — Butunjahon bolalar kuni munosabati bilan bolalar va yoshlar uchun davlat va xususiy tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi. Shu sababli sizda qanday muammolar va ustuvor yo‘nalishlar bor, qanday yechimlarni ko’rasiz.

 

So‘rov geografiyasi: O‘zbekiston Respublikasi

 

Respondentlar soni: so‘rovga 1600 dan ortiq Yu-Report foydalanuvchilari javob bergan.

 

So‘rovda erkaklar 49%, ayollar 51% ishtirok etgan. Ishtirokchilarning asosiy qismini 15–24 yoshdagi yoshlar (59%) tashkil etadi, bu esa asosiy yosh auditoriyasining faol ishtirokini aks ettiradi.

 

 

 

SO‘ROVNOMA BO‘YICHA ASOSIY XULOSALAR:

1.     O‘zbekistonda respondentlarning katta qismi (87%) bolalar huquqlari haqida xabardor. Bu borada boshqacha fikrda bo‘lganlar (9%) va javobga qiynalganlar (4%) nisbati anchagina past.

 

2.     Respondentlar fikricha, bolalar va yoshlar o‘z huquqlarini yaxshiroq bilishlari uchun davlat tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan TOP beshta chora:

1)     Huquqlarni multfilmlar, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘proq yoritish — 34%

2)     Huquq bo‘yicha darsliklarni qayta ko‘rib chiqish – 15%

3)     Yuristlar bilan uchrashuvlar va treninglar tashkil etish – 13%

4)     Ota-onalar va o‘qituvchilarni o‘qitish – 12%

5)     Huquqlarimizni tushuntiradigan AI ilovalarini yaratish – 9%.

 

3.     Respondentlar javobiga ko‘ra, ular uchun bugungi kunda eng muhim huquqlar:

1)     Xavfsizlik huquqi (maktabda, ko‘chada, internetda) – 35%

2)     Fikr bildirish va qaror qabul qilishda ishtirok etish huquqi – 25%

3)     Ekologik toza muhitda yashash huquqi – 19%.

 

4.     U-Reportyorlar fikricha, maktabni qiziqarli qiladigan TOP besh omil:

1)     Ajoyib o‘qituvchilar (24%)

2)     O‘zini namoyon qilish imkoni: ijod va yetakchilik (16%)

3)     Do‘stona va ilhomlantiruvchi muhit (13%)

4)     Yangi bilim olish (11%)

5)     Do‘stlar bilan muloqot (10%).

 

5.     So‘rovda qatnashganlarning taxminan 40%i sog‘liq bo‘yicha maslahat so‘rashda o‘zini qulay his qilmasligini bildirgan: 20% «yo‘q» degan, yana 18% «ishonchim komil emas» variantini tanlagan. Gender kesimida esa yigitlar orasida «yo‘q» javobi qizlarga nisbatan 7%ga ko‘proq (yigitlar – 24%, qizlar – 17%).

 

6.     Ko‘pchilik fikricha, yoshlarni faolroq qilishning TOP to‘rtta yo‘li:

1)     Volontyorlik va stajirovkalarda ishtirok etish – 22%

2)     Qiziqishlar bo‘yicha o‘z klublarini tuzish – 21%

3)     Ta’lim muassasalari va davlat idoralari tomonidan g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash – 18%

4)     Fikr bildirish uchun ko‘proq platformalar yaratish – 12%.

 

7.     Faqat 22% respondentlar fikricha, o‘z fikrini erkin aytish va kattalar tomonidan eshitilish uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Ayniqsa, 18 yoshgacha bo‘lganlar orasida bu ko‘rsatkich yuqori (27%). Qolganlar quyidagi to‘siqlarni qayd etgan:

1)     23% – ularni jiddiy qabul qilishmaydi

2)     19% – tanbeh yoki tanqiddan qo‘rqish

3)     10% – mentalitet: oilada/jamiyatda fikr bildirish odat emas

4)     8% – huquqlarni bilmaslik

5)     8% – qayerga murojaat qilishni bilmaslik.

 

8.     Respondentlar fikricha, agar bolaga nohaq munosabatda bolishsa yoki uni xafa qilishsa, u bu haqida eng ehtimol kimga aytadi:

1)     Ota-onasiga / oila a’zosiga – 46%

2)     Do‘stiga – 27%

3)     Hech kimga aytmaydi – 15%.

Shu bilan birga, 18 yoshgacha bo‘lganlar kattalarga nisbatan kamroq oilaga (38%) va ko‘proq do‘stlarga (32%) aytishini bildirgan.

9.     So‘rovda qatnashganlarning ko‘pchiligi (76%) bolalarning tabiat oldida mas’uliyati borligini biladi va uni bajarishga harakat qiladi; 16% bu haqida eshitgan, ammo to‘liq anglamagan, yana 9% bilmasligini bildirgan.

 

10.  Tabiatni muhofaza qilish uchun o‘zlari qanday amaliy ishlar qilishini so‘raganimizda:

 

1)     38% — ko‘chada chiqindilarni tashlamaslikni

2)     36% — berilgan sakkizdan ortiq foydali ishlar ro‘yxatining «barchasi» variantini tanlagan.

 

11.  Agar U-Reportyorlarda bugun bitta qonunni imzolash imkoni bo‘lsa, ular quyidagilarni tanlagan bo‘lardi:

 

1)     Bolalarni zo‘ravonlik va bullingdan himoya qilish – 24%

2)     Yoshlarning qaror qabul qilishda ishtirokini oshirish – 17%

3)     Ko‘proq bog‘lar va sport maydonchalari yaratish – 15%

4)     Talant va ijodkorlikni qo‘llab-quvvatlash – 11%.






































































































SAVOLLAR TAHLILI

1.    Bilasizmi, bolalarning ham o‘z huquqlari bor va ular alohida qonunlar bilan himoya qilinadi?

So‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatdiki, aksariyat yoshlar bolalarning o‘z huquqlari borligini yaxshi biladi (87%), va bu xabardorlik deyarli barcha guruhlarda bir xil. Gender bo‘yicha farqlar juda kichik: qizlarning 88%i va yigitlarning 86%i «ha» deb javob bergan. Faqat 8–10% bu haqida bilmasligini aytgan, yana 4% javob berishda qiynalgan.

Respondentlar javoblariga ko‘ra, yosh kesimida ham holat barqaror: 18 yoshgacha bo‘lganlar orasida xabardorlik 85%ni tashkil etadi, 19–30 yosh guruhida — 87%. 31+ yoshdagi respondentlarda bu ko‘rsatkich yanada yuqori — 88%. Noaniqlik va salbiy javoblar darajasi esa barcha toifalarda pastligicha qolmoqda.

 

🧿 Har bir bola hayoti, sog'ligi va baxtini himoya qiluvchi huquqlarga ega. Bolalarning ismga, oilaso bo'lishiga 👫, g'amxo'rlik ❤️, mehr, ta'lim olishiga 📕, dam olishga va iste'dodini rivojlantirish 🧩 huquqlari bor.

⚖️ Barcha bolalar teng huquqlarga ega.

🔗 Davlat va kattalar bolalarni zo'ravonlik va adolatsizlikdan himoya qilishi shart. Bola og'ir ahvolga tushsa, yordam berishlari lozim.

Bolalar huquqlari haqida batafsil:  👉 https://bolahuquqlari.uz/legal-advice/kids-rights

 

2.    Bolalar va yoshlar o‘z huquqlarini yaxshiroq bilishlari uchun davlat nima qilishi kerak?

So‘rov natijalariga ko‘ra, barcha yoshdagi va har ikki jinsdagi yoshlar bolalar huquqlarini oshirishning eng asosiy yo‘li sifatida bu mavzuni multfilmlar, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda faol yoritishni ko‘rsatgan. Bu variant barcha yosh guruhlarida barqaror yetakchilik qiladi: 32–35%, qizlar va yigitlar orasida esa 34–35%.

Respondentlar javoblariga ko‘ra, ikkinchi eng muhim yo‘nalish — huquq bo‘yicha darsliklarga o‘zgartirishlar kiritish (15%). Uchinchi o‘rinda yuristlar bilan uchrashuv va treninglar turadi. Ayniqsa, bu yo‘nalish 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun muhim (19%) — bu ko‘rsatkich katta yosh guruhlari bilan solishtirganda ancha yuqori. Shuningdek, bu variantni qizlar ko‘proq (16%) tanlagan, yigitlarda esa bu ko‘rsatkich 10%.

Gender bo‘yicha ba’zi farqlar ham kuzatiladi: qizlar mutaxassislar ishtirokidagi formatlarni — masalan, yuristlar bilan uchrashuvlarni (16%) — ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi. Yigitlar esa ota-onalar va o‘qituvchilarni o‘qitish (13%) hamda «boshqa» variantini (9%) biroz ko‘proq tanlagan.

 

Yosh bo‘yicha farqlar bir qator variantlarda kuzatiladi. Masalan, sun’iy intellekt ilovalarini yaratishni bolalar va o‘smirlar ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi (12%), 19–30 yosh guruhida esa qiziqish pastroq — 7%. Shuningdek, bolalar uchun yuristlar bilan uchrashuvlar ancha qiziqarli (19%), katta yoshdagilar orasida esa bu ko‘rsatkich atigi 9% atrofida.

31 yoshdan katta respondentlar esa ota-onalar va o‘qituvchilarni o‘qitish variantini ko‘proq tanlaydi (14%). Bu holat kattalarning aralashuvi muhim, degan ishonch kuchliroq ekanini aks ettirishi mumkin.


«Boshqa» variantini tanlagan ba’zi Yu-Reportyorlar zo‘ravonlikning, ayniqsa qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikning oldini olish muhimligini ta’kidlashdi. Shuningdek, bunday holatlarda yordam ko‘rsatish va aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar qo‘llash zarurligini qayd etishdi.

 

3.    HOZIRDA Siz uchun qaysi huquq ta’minlanishi eng muhim (ta’lim, sog‘liqni saqlash va ish bilan ta’minlashdan tashqari)

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlar uchun (ta’lim, sog‘liqni saqlash va bandlikdan tashqari) eng muhim huquq hozirda xavfsizlik huquqi (ko‘chada va onlayn makonda) hisoblanadi — o‘rtacha 35%.

Bu ko‘rsatkich ayniqsa 31+ yoshdagi respondentlar orasida yuqori (42%), shuningdek, Navoiy viloyati (46%) va Toshkent viloyatida (42%) yuqori qayd etilgan. Masalan, Xorazm va Jizzax viloyatlarida bu variantni atigi 28% atrofida respondentlar tanlagan.

Respondentlar javoblariga ko‘ra, ikkinchi o‘rinda o‘z fikrini bildirish va qaror qabul qilishda ishtirok etish huquqi turadi — uni o‘rtacha 26% qo‘llab-quvvatlaydi, ayniqsa Buxoro viloyatida (37%) va Qoraqalpog‘istonda (38%).

Toza ekologiya huquqi 18–20% respondentlar uchun muhim bo‘lib, Toshkent va Jizzax viloyatlarida bu ko‘rsatkich ancha yuqori (24–26%). Internetga kirish va raqamli ko‘nikmalarga bo‘lgan qiziqish esa asosan 0–18 va 19–30 yosh guruhi orasida balandroq (har ikki guruhda 9%), shuningdek raqamli infratuzilma talab yuqori bo‘lgan hududlarda — Samarqand va Namangan viloyatlarida (12–16%).

Gender farqlari katta emas: qizlar xavfsizlikning ahamiyatini biroz ko‘proq ta’kidlashadi (37% — yigitlarga nisbatan 4% ko‘p), yigitlar esa qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etishni biroz ko‘proq istaydi (27%).

 

Umuman olganda, barcha guruhdagi yoshlar uchun birinchi o‘rinda — maktabda, ko‘chada va internetda o‘zini xavfsiz his qilish turadi. Bu davlat va jamiyat uchun asosiy ehtiyojga aylanmoqda.

Qoraqalpog‘iston (38%) va Buxoro viloyatida (37%) yoshlar uchun fikr bildirish va qaror qabul qilishda ishtirok etish masalasi eng dolzarb bo‘lib turibdi. Qashqadaryo viloyatidagi respondentlar orasida esa bu masala eng kam ahamiyatga ega (atigi 18%).

 

4.    Siz uchun maktabni qiziqarli qiladigan narsa nima? (agar o‘qishni tugatgan bo‘lsangiz ham)

So‘rov natijalariga ko‘ra, maktabni qiziqarli qiladigan eng asosiy omil — bu ajoyib o‘qituvchilardir. Bu variant barcha guruhlarda yetakchilik qiladi: umumiy hisobda 24%, ayniqsa 19–30 yoshdagi respondentlar orasida (29%) va yigitlar orasida (27%; qizlarda esa atigi 21% bu variantni tanlagan).


Respondentlar javoblariga ko‘ra, ikkinchi o‘rinda — o‘zini namoyon qilish imkoniyati (ijod, yetakchilik) turadi. Uni 17% respondentlar belgilagan, ayniqsa 18 yoshgacha bo‘lganlar (18%) va qizlar (19%) — bu ko‘rsatkich yigitlarda 13%.

Bolalar uchun yana juda muhim omillardan biri — do‘stlar bilan muloqot (15%), kattalarda esa bu ko‘rsatkich ancha past (6–7%). Qizlar ko‘proq mehribon va do‘stona muhitni (16%) ajratib ko‘rsatishgan, yigitlar esa yangi bilim olish va sportni yuqoriroq baholagan (mos ravishda 13% va 7%).

 

5.    Sog‘liq bilan bog‘liq masalada maslahat so‘rash kerak bo‘lsa, o‘zingizni qulay his qilasizmi?

Aksariyat yoshlar sog‘liq bilan bog‘liq masalada maslahat so‘rashga to‘g‘ri kelganda o‘zini qulay his qiladi — o‘rtacha 62%. Respondentlar javoblariga ko‘ra, qizlar bunday vaziyatlarda biroz ishonchliroq (64%), yigitlarda esa bu ko‘rsatkich 58%. Shu bilan birga, yigitlar «yo‘q» javobini ko‘proq tanlashgan (24%), qizlarda esa bu ko‘rsatkich 17% bo‘lib, bu erkaklar orasida noqulaylik darajasi yuqoriroq ekanini ko‘rsatadi.

 

Yosh bo‘yicha farqlar minimal: 18 yoshgacha bo‘lganlar 61% hollarda o‘zini qulay his qiladi, 19–30 yoshdagilar — 63%, 31 yoshdan kattalar — 64%. Ishonchi komil bo‘lmaganlar ulushi esa barcha guruhlarda nisbatan barqaror (16–19%).


6.    Bolalar va yoshlar jamiyatda faolroq bo‘lishlari uchun nima yordam beradi deb o‘ylaysiz?

So‘rov natijalariga ko‘ra, bolalar va yoshlarning jamiyatda faolroq bo‘lishiga yordam beradigan asosiy omillar — volontyorlik tashabbuslari va stajirovkalarda ishtirok etish (22%) hamda qiziqishlar bo‘yicha o‘z klublarini tashkil etish (21%) hisoblanadi.

Bu ikki variant har ikki gender guruhida ham birinchi va ikkinchi o‘rinni egallaydi: 21–23% klublarni, 22–27% esa volontyorlik va stajirovkalarni tanlagan. Qizlar volontyorlikni ko‘proq qo‘llab-quvvatlagan (26% — bu yigitlarga nisbatan deyarli 10% ko‘p). Yigitlar esa qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etishga bo‘lgan qiziqishni 6% ko‘proq bildirgan (10%).

 

Yosh bo‘yicha kesimda ko‘rinadiki, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar volontyorlik va stajirovkalarga (27%) hamda klub tashkil etishga (23%) ayniqsa qiziqadi. 31+ yoshdagi respondentlar esa ko‘proq ta’lim muassasalari va davlat idoralari tomonidan g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash (24%) variantiga urg‘u beradi.

«O‘z fikrini bildirish uchun ko‘proq platformalar» varianti o‘rtacha 14% ovoz olgan bo‘lib, 19–30 yoshdagi yoshlar orasida biroz ko‘proq talabgir. Shuningdek, qaror qabul qilishda ishtirok etish istagi eng ko‘p 19–30 yoshdagi yoshlar orasida kuzatiladi.

 

7.    Sizga o‘z fikringizni erkin bildirish va kattalar tomonidan eshitilishga nima halal beradi?

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlar uchun erkin fikr bildirishga eng katta to‘siq — «ularni jiddiy qabul qilinmasligi»dir. Bu variantni ishtirokchilarning 23%i tanlagan. Shu bilan birga, yana 22% hech qanday to‘siq yo‘qligini aytgan: ayniqsa qizlar o‘zini ishonchliroq his qilmoqda — 26%, yigitlarda esa bu ko‘rsatkich 18%. Shuni ham ta’kidlash kerakki, ushbu variantni eng ko‘p tanlaganlar — 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar (27%).

Eng ko‘p uchraydigan ikkinchi to‘siq — tanqid yoki jazo olishdan qo‘rquv (17%). Ayniqsa, 19–30 yoshdagi respondentlar orasida bu variant sezilarli darajada yuqori (23%).

Hududlar kesimida ham ayrim farqlar mavjud. Masalan, Sirdaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarida «bizni jiddiy qabul qilishmaydi» degan javob eng ko‘p tanlangan (30–36%). Eng kam bu fikrga qo‘shilganlar — Qashqadaryo viloyatida (17%). Biroq Qashqadaryoda «bizda oila yoki jamiyatda fikr bildirish an’anasi yo‘q» degan fikrni eng ko‘p qo‘llab-quvvatlashgan — 17%. Aksincha, Qoraqalpog‘iston va Surxondaryo viloyatlarida bu variantni atigi 2% respondentlar tanlagan.

Hududlar bo‘yicha farqlar yanada yaqqol: Navoiy, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida eng ko‘p respondentlar hech qanday to‘siq sezmasligini bildirgan (31% gacha). Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida esa tanqid yoki salbiy munosabatdan qo‘rquv eng yuqori (26% gacha). Samarqand viloyatida esa o‘z huquqlarini bilmaslik eng ko‘p qayd etilgan (16%).

 

«Boshqa» variantini tanlagan respondentlar muammolarning sabablarini ochib beruvchi muhim izohlarni qo‘shimcha qildilar. Ba’zi ishtirokchilar yoshlarning fikrini haqiqiy qabul qilishni ta’minlash, shuningdek, “sandbox” — g‘oyalar va loyihalarni amalga oshirish uchun xavfsiz maydonlar yaratish kerakligini aytishdi. Ularning fikricha, bunday joylarda tashabbuskorlar o‘z takliflarini rad etilishidan qo‘rqmasdan sinab ko‘rishlari mumkin.

Boshqalar esa chuqur kommunikatsion uzilish mavjudligini ta’kidladi: ularning aytishicha, yoshlar fikrini qanchalik faol bildirsa ham, ko‘pincha bu fikrlar e’tiborsiz qoladi. Bir nechta U-Reportyorlar esa qayerga murojaat qilish kerakligi aniq emasligini, tushunarli aloqa kanallari yo‘qligi esa yordam so‘rash jarayonini yanada qiyinlashtirishini qayd etdi.

 

8.    Agar bolaga adolatsizlik qilinsa yoki uni xafa qilishsa, u bu haqida aytishga kimga ko’proq ishonadi deb o‘ylaysiz?

Respondentlar javoblariga ko‘ra, bolaga nisbatan adolatsizlik qilinsa yoki uni xafa qilishsa, u eng ko‘p oila a’zolariga murojaat qiladi — bu variantni 45% ishtirokchilar tanlagan. Ayniqsa, 31+ yoshdagi respondentlar orasida bu ko‘rsatkich juda yuqori (58%), biroq 18 yoshgacha bo‘lganlar orasida eng past (38%).

Ikkinchi eng muhim manba — do‘stlar. Umumiy o‘rtacha 27% bolalar va yoshlar ularga ishonadi, ayniqsa 18 yoshgacha bo‘lganlar orasida bu ko‘rsatkich yuqori (32%).

O‘qituvchilarga, maktab psixologiga yoki rasmiy tuzilmalarga ishonch ancha past — atigi 1–3%. Bu esa bolalar va yoshlar orasida rasmiy himoya mexanizmlariga murojaat qilishga tayyorlik darajasi juda past ekanini ko‘rsatadi. Bunga qo‘shimcha ravishda, 15% respondentlar hech kimga aytmaslikni afzal ko‘radi, yana 3% esa ijtimoiy tarmoqlarda muammoni yozib qoldiradi.

Gender farqlari mo‘tadil: qizlar do‘stlariga ko‘proq murojaat qiladi (30% — yigitlarda bu ko‘rsatkich 23%), yigitlar esa oilaga biroz ko‘proq tayangan (48% — qizlarda 45%). Biroq hech kimga aytmaydiganlar ulushi har ikki guruhda bir xil — 15%.

 

9.    Bilasizmi, bolalarning ham tabiat oldida o‘z mas’uliyati bor?

So‘rov natijalariga ko‘ra, aksariyat bolalar va yoshlar tabiat oldidagi o‘z mas’uliyatini yaxshi anglaydi — ishtirokchilarning 76%i shunday javob bergan. Qizlar orasida bu ko‘rsatkich yanada yuqori (80%), yigitlarda esa 71%.

Shu bilan birga, ayrim respondentlar hali ham bu borada yetarli bilimga ega emasligini sezadi: taxminan 16% bunday mas’uliyat haqida eshitgan, ammo to‘liq tushunmaydi, yana 7% esa umuman bilmasligini bildirgan. Eng past xabardorlik 19–30 yosh guruhida kuzatiladi — bu yerda «bilmayman» deganlar ulushi 10%ga yetadi.

Faqat ozgina qism (2%) tabiatni asrash faqat kattalarning vazifasi deb hisoblaydi.

18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar eng yuqori xabardorlikni namoyon etmoqda — ularning 81%i tabiat oldidagi mas’uliyatini bilishini va ekologik qoidalarga amal qilishga harakat qilishini aytgan.

Har bir bola nafaqat huquqlarga, balki ekologik majburiyatlarga ham ega — bu O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan (50- va 54-moddalarida).

Bu degani, har bir fuqaro, jumladan bolalar ham tabiatga zarar yetkazmasligi, chiqindini tashlamasligi, suv va elektrni tejashi, daraxt va hayvonlarni asrashi, maktab va mahallasini toza saqlashi kerak.

 

10. Tabiatga yordam berish uchun siz o‘zingiz nima qilasiz?

So‘rov natijalariga ko‘ra, bolalar va yoshlar orasida eng keng tarqalgan ekologik foydali amal — ko‘chaga chiqindi tashlamaslikdir. Ishtirokchilarning 38%i shu javobni tanlagan, ayniqsa 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar orasida bu ko‘rsatkich yuqori (42%).

Ikkinchi eng mashhur variant — «yuqoridagi barcha amallarni bajaraman». Uni o‘rtacha 35% respondentlar tanlagan bo‘lib, bu deyarli har uchinchi ishtirokchi ekologiyani kompleks ravishda qo‘llab-quvvatlashga intilayotganini ko‘rsatadi.

Gender bo‘yicha katta farqlar yo‘q. Qizlar ko‘proq ko‘chaga chiqindi tashlamaslikni ta’kidlagan (41% — yigitlarda bu ko‘rsatkich 35%), yigitlar esa barcha ekologik amallarni birgalikda bajarishini ko‘proq belgilagan (38% — qizlarda 34%).

Boshqa ekologik amaliyotlar ancha kam uchraydi: chiqindilarni ajratib yig‘ish bor-yo‘g‘i 4% tomonidan tanlangan, resurslarni tejash — 6%, ko‘p marotaba ishlatiladigan buyumlar qo‘llash esa atigi 2%. Shu bilan birga, daraxt ekish va hududlarni tozalash tadbirlarida ishtirok etishni 2–4% respondentlar belgilangani qayd etilgan, 31+ yoshdagi guruh esa bunday ekologik aksiyalarda ko‘proq qatnashadi (6%gacha).

 

11. Agar sizda bolalar va yoshlar uchun bitta qonun qabul qilish imkoniyati bo‘lsa, u nima haqida bo‘lardi?

Respondentlar javoblariga ko‘ra, bolalar va yoshlar uchun eng ko‘p talab qilinadigan qonun — zo‘ravonlik va bullingdan himoya qilish haqidagi qonun bo‘ladi. Bu variantni ishtirokchilarning 24%i tanlagan. Ayniqsa, qizlar orasida bu ko‘rsatkich yuqori (29% — yigitlarda esa 19%).

U-Reportyorlar uchun ikkinchi eng muhim yo‘nalish — yoshlarning qaror qabul qilish jarayonida ishtirokini kuchaytirishdir (17%). Bu ustuvorlik ayniqsa 18 yoshgacha bo‘lganlar va yigitlar orasida kuchli (20% — qizlarda 15%).

Ko‘proq bog‘lar va sport maydonchalari yaratishga oid qonun ham sezilarli darajada ovoz olgan — 15%. Eng ko‘p tanlaganlar — 31+ yoshdagilar bo‘lib, bu yerda ko‘rsatkich 25%ga yetgan. Iste’dod va ijodkorlikni qo‘llab-quvvatlash 10% ovoz olgan, psixologik yordamga doir takliflar esa taxminan 5–6%ni tashkil etgan.

 

Kamroq uchrasa ham, muhim hisoblangan boshqa takliflar — maktablarda bepul ovqatlanish, o‘quvchilar uchun bepul transport va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv muhit yaratish bo‘lib, ularni 6–8% respondentlar belgilagan.

Shuni ham takidlash kerakki, koproq boglar va sport maydonchalari yaratish hamda istedodlarni qollab-quvvatlash takliflari asosan 30+ yosh guruhida eng yuqori (mos ravishda 25% va 18%), 18 yoshgacha bolganlar orasida esa bu korsatkich atigi 10%ni tashkil etgan.


«Boshqa» variantini tanlagan respondentlardan biri batafsil takliflarni ilgari surdi. Ularning orasida bolalarga turli yo‘nalishlarda — IT, fan, madaniyat, sport va boshqa sohalarda o‘zini sinab ko‘rish imkonini beradigan dasturlarni yaratish g‘oyasi bor. Ularning fikricha, Erasmus+ kabi formatlardan ilhomlangan bunday tashabbuslar bolalarga nafaqat respublika, balki xalqaro loyihalarda ham ishtirok etish imkonini ochib berishi mumkin.

Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, bunday imkoniyatlar bolalarga o‘z qiziqishlarini topishga, bilimga bo‘lgan qiziqishni oshirishga, muloqot doirasini kengaytirishga va madaniyatlararo tushunishni mustahkamlashga yordam beradi. Bu esa erta yoshdan irqchilik va millatchilik ko‘rinishlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, alohida ehtiyojlari bor bolalar, kam ta’minlangan oilalardagi o‘smirlar va mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari uchun bunday dasturlarga teng kirish imkoniyatini yaratish va ularni ishonchli himoya bilan ta’minlash zarurligi ham alohida qayd etildi.

 

IZOH: So‘rovlar natijasida olingan ma’lumotlar UNICEFning fikrini ifodalamaydi, ular reprezentativ emas va ushbu U-Report so‘rovnomasida ishtirok etgan respondentlarning fikrlarini aks ettiradi.

 

 

Ijobiy ijtimoiy o'zgarishlarga erishishda yoshlarning fikrlarini qanday qo'llayotganimizni raqamlarda ko'ring.
MASHG'ULLIK BAYONI
UNICEF logo