Mulohazalar Hikoyalar Haqida Mashg'ullik Reports Hozir qo'shiling
U-Reportga qo'shiling, Sizning fikringiz muhimdir.
STORY
Soxta (feyk) yangiliklar - muammomi?

UNESCO U-Report bilan birgalikda yangiliklar, ayniqsa soxta yangiliklar (dezinformatsiya, feyk) boʻyicha soʻrov oʻtkazdi. Ushbu soʻrovning maqsadi feyk yangiliklar yoshlarga qanday (salbiy, neytral)  taʼsir qilishini va ushbu notoʻgʻri maʼlumotlarning manbalari nima boʻlishi mumkinligini tushunish edi. Feyk yangiliklar kabi muammo mavjudmi, bu oʻzi haqiqatdan muammomi va agar shunday boʻlsa, uning oqibatlari qanday va unga qarshi qanday kurashish mumkin. Soʻrov natijalari dezinformatsiya mavzusi boʻyicha onlayn kursni, shuningdek, oliygohlar uchun jurnalistika boʻyicha akademik kursni ishlab chiqish uchun kerak boʻladi.

 Feyk yangiliklar - bu yolgʻon xabarlar (soxta, notoʻgʻri maʼlumot) odamlarni chalgʻitish uchun haqiqiy maʼlumot deb tarqatiladi. Ular koʻpincha nashr / kanalning ommaviyligini va piarini oshirish, koʻproq oʻquvchilarni jalb qilish va foyda olish uchun yaratiladi. Baʼzan qalbaki yangiliklar tomoshabinlar eʼtiborini muhim va ahamiyatli yangiliklardan chalgʻitadigan qilib yaratiladi.

 Soʻrovda butun mamlakat boʻylab 3200 dan ortiq respondentlar qatnashdi.

 

SOXTA YANGILIKLAR HAQIDAGI SOʻROVNING ASOSIY JIHATLARI:

1. Internet yoshlar orasida maʼlumotlarning asosiy manbai sifatida ishonchli tarzda yetakchi oʻrinni egallayapti - respondentlarning 84% i yangiliklarni olish uchun Internetdan foydalanadi (ijtimoiy tarmoqlar, Internet-media, bloggerlar).

2. Maʼlum boʻlishicha, ayollar (18%) erkaklarga qaraganda (7%) televizor koʻrishni koʻproq afzal ko’rishadi, erkaklar esa (27%) ayollarga qaraganda (16%) koʻproq internet OAVni tanlashadi.

3. 41% respondentlar OAV va ijtimoiy tarmoqlardan oladigan maʼlumot / yangiliklar toʻgʻriligini tekshirishar ekan. Ishtirokchilarning 16% i maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirmasliklarini va 8% i buni qanday qilishni bilmasliklarini aytishdi.

4. Yoshlar ular uchun maʼlumotlarning ishonchliligining eng muhim mezoni deb: yangiliklar davlat organi matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilinganligi (32%), yangiliklar bir vaqtni o’zida bir nechta onlayn ommaviy axborot vositalarida borligi (20%), hatosiz matn va rasmlarning mavjudligini (12%) tanlashdi.

5. 45% respondentlarda soxta yangiliklar salbiy hissiyotlarni uyg’otadi.

6. Soʻralganlarning deyarli yarmi (49%) Oʻzbekistonda soxta yangiliklar bilan bogʻliq muammolar mavjud deb hisoblashadi.

 

Maʼlum boʻlishicha, yoshlar uchun eng ommabop va asosiy maʼlumot manbai – ijtimoiy tarmoqlardir – soʻralganlarning yarmidan koʻpi (55%) ushbu variantni tanlagan. Ikkinchi oʻrinda Internet-OAV (23%), uchinchi oʻrinda esa televideniye.

 Qizigʻi shundaki, afzal ko’riladigan maʼlumot manbalari jinsga qarab farq qiladi. Maʼlum boʻlishicha, ayollar (18%) erkaklarga (7%) qaraganda televizor koʻrishni afzal koʻrishadi; erkaklar esa Internet ommaviy axborot vositalariga (27%) ayollarga (16%) qaraganda koʻproq murojaat qilishadi.

 

Bloggerlar ham ommabop maʼlumot manbaiga aylanmoqdalar: javoblarning atigi 6% ini toʻplashiga qaramay, ular taklif etilgan 7 variant orasida toʻrtinchi oʻrinda. Internet-OAV kabi, bloggerlar ham ayollar (3%) ga qaraganda erkaklar (8%) orasida koʻproq ommabop.

 

Umuman olganda, Internet yoshlar orasida maʼlumotlarning asosiy manbai sifatida yetakchi oʻrinni egallaydi - soʻrovda qatnashganlarning 84% i yangiliklarni Internetdan (ijtimoiy tarmoqlar, Internet-OAV, bloggerlar) olishmoqda.

 

Biz “Boshqa” variantni tanlagan 2% U-Reportyorlardan oʻz maʼlumot manbalarini koʻrsatishini soʻradik va quyidagi javoblarni oldik:

1. Bir vaqtning oʻzida bir nechta javob variantlari

2. Yuqoridagi barcha javoblar

3. Tanishlar, doʻstlar va qarindoshlar

 

 

Respondentlarning 41% i ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardan oladigan maʼlumot / yangiliklarning toʻgʻriligini tekshiradilar, 35% i esa bunga baʼzan amal qilishadilar. Ishtirokchilarning 16% i maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirmasliklarini va 8% i buni qanday qilishni bilmasliklarini aytishdi.

 

Shu bilan birga, erkaklar olingan maʼlumotlarga ayollarga qaraganda eʼtiborliroq bo’lishar ekan, ya’ni tekshirib ko’rishadi: 46% - 31% ga qarshi. Yana bir o’ziga hos jihati koʻproq ayollar (13%) erkaklar bilan solishtirganda (6%) maʼlumotlarning aniqligini qanday tekshirishni bilishmaydi.

 

Yoshlar ular uchun maʼlumotlarning ishonchliligining eng muhim mezoni deb quyidagilarni aytishdi:

1. Yangilik davlat agentligining matbuot xizmati tomonidan nashr etilgan (32%)

2. Bir vaqtning oʻzida bir nechta Internet ommaviy axborot vositalarida yangiliklar bor (20%)

3. Hatosiz matn va rasmlarning mavjudligi (12%)

4. Televideniye va radioda yangilik chiqsa (11%)

5. Bu haqda bir nechta bloggerlar yozgan (7%).

 

Shuni taʼkidlash kerakki, maʼlumotlarning ishonchliligini baholashda yosh guruhlari oʻziga xos xususiyatlarga ega: 14 yoshgacha boʻlgan yosh avlod yangiliklar televideniye va radio orqali berilsa koʻproq ishonadi (36%); 14-19 yoshlilar guruhida 2-oʻrinda ishonchli mezon deb fotosurat va hatosiz matn turar ekan (19%).

 

Biz “Boshqa” variantini koʻrsatgan respondentlarning 4% idan soʻradik - qaysi mezon ular uchun eng muhim va quyidagi javoblarni oldik:

1. O’zim mantiqiy tahlil va taqqoslash qilsam

2. Agar maʼlumot manbasiga havolalar boʻlsa

3. Agar yangiliklar rasmiy hukumat manbalaridan olingan boʻlsa

4. Barcha qayd etilganlar.

 

Respondentlarning 31% i qalbaki yangiliklar ularni gʻashlariga tegishidan shikoyat qilishgan, 14% i esa jahlini chiqorishidan. Respondentning yoshi oshgani sayin, qalbaki yangiliklardan jahli chiqish darajasi oshib boradi – masalan, 30+ yoshdagilarning 40% ida soxta yangiliklar gʻashiga tegadi.

Shu bilan birga, respondentlarning 24% i feyk yangiliklar ularga hech qanday taʼsir koʻrsatmasligini yoki ularga ahamiyat bermasliklarini aytishdi.

Soʻralganlarning deyarli yarmi (49%) Oʻzbekistonda feyk yangiliklar muammosi bor, deb hisoblashadi. Faqat 4% i salbiy javob bergan va 16% i Oʻzbekistondagi soxta yangiliklar haqidagi savolga javob berishda qiynalishgan.

Ayollarga (41%) qaraganda, erkaklar (53%) bu juda muhim muammo ekanligiga ishonishadi. Tadqiqot shuni koʻrsatadiki, respondentlarning yoshi qanchalik katta boʻlsa, feyk yangiliklar muammo deb aytadiganlar soni shunchalik koʻpayadi.

 

Biz U-Reportlarimizdan, ularning fikriga koʻra, soxta yangiliklar bilan qanday kurashish yaxshiroq ekanligini aytib berishlarini soʻradik va quyidagi javoblarni oldik:

1. Soxta yangiliklar yaratish va / yoki tarqatish uchun javobgarlikni oshirish va jazoni kuchaytirish.

2. Davlat ommaviy axborot vositalari va davlat organlarining matbuot xizmatlarining yangiliklari ochiq va tezkor boʻlishlari uchun ularning samaradorligini oshirish.

3. Ijtimoiy tarmoqlarda davlat nazorati / tekshirish / nazoratini kuchaytirish, soxta yangiliklarni nashr etadigan manbalarga, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda toʻsiq qoʻyish.

4. Aholida huquqiy / siyosiy / media va axborot savodxonlikni oshirish, tanqidiy fikrlash va tahlil qilish koʻnikmalarini mustahkamlash.

5. Soxta yangiliklarni e’tibor bermaslik/mensimaslik.

6. Matbuotga koʻproq erkinlik berish, moddiy-texnik bazani yaxshilash va ommaviy axborot vositalari oʻrtasida raqobatni rivojlantirish.

7. Bloggerlar / jurnalistlar va turli xil OAV xodimlarining malakalarini oshirish.

8. Yangiliklarni nashr qilishda manbani / dalillarni / havolalarni koʻrsatish.

 

FEYK YANGILIKLARGA QARSHI KURASH UCHUN U-REPORTYORLARNING FIKRI:

“Menimcha, ular bilan kurashish befoyda. Odamlarning oʻzlari nima qalbaki, nima qalbaki emasligini farqlashlari kerak. Masalan, telegramni boshqarish mumkin emas, istalgan kishi kanal yaratishi va u yerda qandaydir nomaʼlum manbalarga tayanib yangiliklarni joylashtirishi mumkin”.

“Yagona yangiliklar platformasini yaratish. Agar yangiliklar qalbaki boʻlsa, unda dalillar bilan rad etish eʼlon qilinadi yoki yangiliklar uchun dalil yoʻqligini hisobga olish va ekspert xulosasini berish: ”yangiliklar qalbaki, va sababini koʻrsatish".

“Men barcha davlat organlari, idoralar va boshqalarning oʻz matbuot xizmatlariga ega boʻlishlarini istardim, va shu kabi matbuot xizmatlari oʻzlarining vakolatlariga tegishli har qanday yangiliklarga eng aniq tafsilotlarga tezkorlik bilan javob berishlarini va ijtimoiy tarmoqlar, radio, televideniye va boshqalar orqali aholini tezkor xabardor qilishlarini. Bu vosita orqali xalqqa tushuntirish berish mumkin”.

«Qalbaki yangiliklar detektori. Feyk xabar tarqatuvchi resurslar reytingi ishlab chiqilsa va u reyting ommaga havola qilinsa. Reyting tez-tez yangilanib turilsa, manimcha, shunda odamlar kimlarga ishonmaslikni bilib olishar edi”.

“Ularga izoh qoldirmaslik, va shunday chiqqan xabarlarni tarqatib ularni qalbakiligini ommaga aytish ham shart emas, shunchaki oʻtib ketish lozim, eʻtibor bermasdan, shunda u oʻqilmagani, ommani eʻtiborini torta olmagani uchun ham bunday xabarlar chiqarishni qoʻsh tirnoq ichida ishlashni toʻxtatadi deb oʻylayman, bu mening fikrim!”

“Insonlar ongini, dunyoqarashini ӯstirsa, bunga erishish mumkin. Aks holda imkonsiz deb ӯylayman”.

“Xoxlaymizmi yoʻqmi bu hozirgi davr uchun normal xolat, jamiyat ongini, shuurini oshiribgina bunday xabarlarga nisbatan eʻtiborsizlik va oʻz oʻrnida immunitetni shakkantirish k.k. bunday xabarlarni tarqatuvchi blogerlarga nisbatan qonunchilikda maʻmuriy chora belgilanishi xam foydadan xoli emas.”.

“Aslida kurashish shart emas desak ham bo'lmas, lekin kurashish kk desak albatta darrov qo'mita vlastniy nimadir yaratiladi va u senzorga aylanadi. Shuning uchun bunday regulatorlar kk emas deb o'ylayman. Qo'yib berish kk haqiqiy xabarlar toshi qalbakilarni bosib ketadi, shundoq ham biroz vaqt talab etialdi oydinlashishi un ungacha biroz toqatlilik sabr va mulohaza tahlil kk”.

«Davlat ommaviy axborot vositalari faqat maqtovlar yog'dirish bilan shug'ullanmasdan, tanqidiy va tahliliy materiallarni ko'proq yoritsa bunaqa oldi-qochdilarni hech kim eshitmaydi, ko'rmaydi, o'qimaydi, manimcha. Albatta, xolislik bo'lishi kerak shundagina to'rtinchi hokimyat degan nomni oqlashadi».

«Tasavvur qilaylik bozordan olma sotib olmoqchisiz. 2ta savatchada 2xil olma bor.1-savatchada gigiyenik talablarga ham salomatlikka ham javob beradigan oz va kichik hajmdagi keyingisida esa katta katta kop kozga tashlanadigan lekin yaxshi olmalar bilan bir qatorda ichini qurt yeganlari ham talaygina.Sotuvchi esa sizga iloji boricha shu olmalarini o’tkazishga harakat qiladi.Ammo u biladiki bunday mahsulot sotish mumkin emasligini.Siz esa sotib olib yeb ko’rmagungacha bilmaysiz.Demoqchi bo’lganim shundaki sotuvchi bu bloggerlar haridor esa biz qanday mahsulot harid qilishimiz va istemol qilishimiz faqatgina o’zimizga bog’liq faqat bu joyda sanitariya hodimlari yetishmayapti holos!».

“Doimiy monitoring olib borish, va qalbaki yangiliklar aniqlanganda tarkibdan olib tashlash va rasmiy raddiyani joylashtirmoq”.

«Xabarlarni muallifi bilan ko'rsatish kere agar muallifsiz yozilgan xabarlarni spaм qilish kerak”.

“Ekspertlar gruhi tuzib, ommaviy axborot, televideniye va boshqa shu kabilarni doim tekshirishi kerak,  va yolg‘on xabar tarqatgan bloger yoki jurnalistni qonun doirasida jazolashni taklif qilmoqchiman”.

«Qalbaki xabarlar bizda avvallari juda ko’p bo’lgan, ularni xaqiqiysi bilan endi ajrata olayapmiz. Blogerlar va OAV ga so’z erkinligi berilsa qalbaki xabarlar yoqolib ketsa kerak».

“Davlat organlari matbuot xizmatlarining oʻz vaqtida va doimiy ishlashini yoʻlga qoʻyish, nafaqat press-relizlar, balki vaziyatni oʻzgartirish boʻyicha fikr-mulohazalarni bildirish.”

 

So’rov natijalari UNESCOga yuborildi. Natijalar dezinformatsiya boʻyicha onlayn kurslarni, shuningdek, universitetlar uchun jurnalistika boʻyicha akademik kursni ishlab chiqish uchun kerak boʻladi. Ushbu kurslar tayyor boʻlgandan soʻng biz sizga tanishishingiz uchun maʼlumot beramiz.



Izoh: Soʻrovlardan olingan maʼlumotlar UNICEFning fikrini aks ettirmaydi, reprezentativ maʼlumot hisoblanmaydi va ushbu U-Report so’rovida qatnashgan 3200 dan ortiq respondentlarning fikrlarini aks ettiradi.

Ijobiy ijtimoiy o'zgarishlarga erishishda yoshlarning fikrlarini qanday qo'llayotganimizni raqamlarda ko'ring.
MASHG'ULLIK BAYONI
UNICEF logo