Mulohazalar Hikoyalar Haqida Mashg'ullik Reports Hozir qo'shiling
U-Reportga qo'shiling, Sizning fikringiz muhimdir.
STORY
O’qimayotgan yoki ishlamayotgan yoshlar (NEET yoshlar)

BMT agentliklari o’qimayotgan yoki ishlamayotgan yoshlar uchun BMT Qo’shma Dasturini ishlab chiqish uchun birlashdi va o’zining asosiy maqsadli guruhi sifatida o’qimayotgan yoki ishlamayotgan yoshlarni (NEET) belgilab oldi. Ushbu dastur bo’yicha ishlar endi boshlandi.

So’rov maqsadi:

1.      Yoshlarning o’qimasliklari va ishlamasliklari sabablarini, ularning o’zlarining nuqtai nazarlaridan tushunish.

2.      NEET yoshlarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari haqida bilishlarini aniqlash.

3.      Yoshlarning o’z salohiyatini to’la amalga oshirishda qanday yordam berish bo’yicha fikrini bilish.

So’rovda jami 1177 U-Reporter ishtirok etishdi.

Asosiy natijalar:

·        Respondentlarning 73%i yoshi 30 dan oshmagan o’qimayotgan va ishlamayotgan biror kishini bilishadi (67%) yoki o’zlari NEET yoshlar qatorida (6%);

·        NEET yoshlarining aksariyat qismi kasbiy ta’lim muassasasini tugatishgan, va asosan o’qish uchun to’lanadigan kontrakt va o’qishga kirishga oid boshqa xarajatlar tufayli o’qishni davom ettirishmagan;

·        Ishsizlikning uchta asosiy sababi - bo’sh ish o’rinlari yo’qligi, ish tajribasining etishmasligi va zarur sertifikat/diplom yo’qligidan iborat;

·        Respondentlarning aksariyati yoshlar uchun bepul malaka oshirish bo’yicha treninglar va ish joyida stajirovkalarga imkoniyat yaratilsa vaziyatni yaxshilash mumkin deb hisoblashadi.

OLINGAN NATIJALAR:

   

   


So'rov natijalari shuni ko’rsatadiki, respondentlarning 67%i o’qimaydigan va ishlamaydigan 30 yoshdan kichik bo’lgan kishilarni bilishadi, 6%ining o’zlari na o’qishadi va na ishlashadi.


Ha, men ham o’qimayotgan, ham ishlamayotgan yoshlar bilan tanishman

O’qimayotgan va ishlamayotgan kishi(lar)ni biladigan respondentlarning 42% asosiy sabab sifatida ta’lim olish imkoniyatining yo’qligini, 24% esa ularning tanishlarida ta’limni davom ettirish istagi yo’qligini bildirishdi. 17% respondentlarning do’stlari allaqachon biror bosqichdagi o’qishni bitirishgan va 5% holatlarda respondentlarning do’stlari nogironliklari borligi uchun o’qimaydilar. Respondentlarning 12% boshqa sabablarni, jumladan, ta’lim tizimidagi korrupsiya, kirish imtihonidagi ko’p martalik muvaffaqiyatsizlik, kirish imtihonini topshirish uchun etarli bilim yo’qligi, chet elga ishlash uchun muhojir bo’lganliklarini aytishgan.


Respondentlarning NEET yoshlarga oid tanishlarining aksariyat qismi (65%) kasbiy ta’lim muassasalarini, 21%i esa faqat o’rta maktabni tugatishgan. Faqatgina 9% hollarda yoshlar bakalavr va 3% hollarda magistrlik darajasini qo’lga kiritishgan. Qolgan 2% esa, ularning NEET do’stlari oldin hech qachon o’qimaganliklarini yoki o’qish istagi umuman yo’qligini ta’kidlashgan.


Ishsizlikning sabablari haqida respondentlarning 43%i asosiy sabab sifatida ish o’rinlarining yo’qligini qayd etishdi. 16% respondentlar uchun sabab ular so’ralgan sertifikat yoki diplomga ega emasliklarini, 15% uchun esa ish tajribasining yetishmasligi bo’lgan. 10% hollarda ishlamaslikning asosiy sababi oilaviy sharoit va 3% hollarda yoshlar sog’liqqa oid muammolar tufayli ishlashmaydi.

Boshqa sabablar orasida (13%) respondentlar mehnat qilishga rag’batlantirish sustligi, qoniqarsiz ish haqi, yomon mehnat sharoitlari, korruptsiya, hamda, professional tarmoqning yo’qligini aytib o’tishgan.


Men o’zim o’qimayman va ishlamayman

O’zlari ishlamaydigan va o’qimaydigan respondent ichida (6%), 37% asosiy to’siq sifatida o’qish uchun to’lashga imkoniyatlari yo’qligini aytishgan bo’lishsa, 27% esa allaqachon bitirganliklarini ma’lum qilishdi. Ishlamayotgan va o’qimayotgan respondentlarning 9% uchun nogironlik o’qimaslik va ishlamaslik sababi hisoblanadi. Respondentlarning faqat 3 % o’qishni istamasliklarini aytishgan. Boshqa sabablar, jumladan, og’ir oilaviy sharoit, nogironligi bo’lgan oila a’zolari, kirish imtihonlari uchun tayyorgarlik ko’rish va umuman o’qish imkoniyati yo’qligi NEET respondentlarning 24%i tomonidan aytib o’tilgan.

 O’zlari ishlamayotgan va o’qimayotgan respondentlarning ichida, aksariyati (58%) kasb-hunar o’quv yurtini tugatgan, 19 foizi bakalavr darajasiga ega va 14 foizi o’rta maktabni tamomlagan. Faqat 6% magistr darajasini olgan, va ularning hammasi erkaklardir. Qolgan 3% esa yuqoriroq ilmiy darajaga ega bo’lishga harakat qilishmoqda – ular ichida ayollar yo’q.


 NEET respondentlarning ko’pchiligi (43%) ishlamaydi, chunki ular ish topa olishmayapti, 11% esa zarur ish tajribasiga ega emas. NEET respondentlar ishsizligining boshqa sabablariga ularning ish izlayotganliklari, hukumatdagi restrukturizatsiya tufayli vaqtincha ishsiz bo’lib qolganliklari, muhojirlik yoki ular istagan ish haqi beriladigan ish yo’qligi kiradi. Oilaviy sharoit respondentlarning 6%i uchun ishlash imkoniyatini cheklaydi va 3% respondentlar sog’liqqa bog’liq muammolar tufayli ishlay olishmaydi. 7% hollarda yoshlar zarur sertifikat yoki diplomga ega emaslar. 


Barcha respondentlar

Respondentlarning 28% davlat tomonidan qo’llab-quvvatlanadigan NEET yoshlarga yo’naltirilgan dasturlardan xabardor. Ushbu yoshlar "Har bir oila - tadbirkor", "Yoshlar - bizning kelajagimiz" va Yoshlar ittifoqining boshqa dasturlarini sanab o’tishgan.


Respondentlarning 66%i O’zbekistonda NEET yoshlarni qo’llab-quvvatlash uchun nima qilish mumkinigi haqida o’z takliflarini berishdi. Ularning uchdan biridan ko’prog’i yoshlarni o’qish va ishlashga rag’batlantiradigan davlat va nodavlat dasturlarini ilgari surishni taklif qilishdi. Xususan:

·        ko’proq ish o’rinlari va stajirovka imkoniyatlarini yaratish, chunki ish beruvchilar ish tajribasini talab etishadi;

·        ish yarmarkalarini tez-tez tashkil etish va bandlik tizimini yanada shaffofroq qilish;

·        ham davlat va ham nodavlat tashkilotlarida kadrlar bilan ishlash bo’linmalari samaradorligi va natijaviyligini oshirish;

·        bitiruvchilarning aksariyatiga uchun ish bilan ta’minlashni kafolatlash; hamda

·        yoshlar yangi mutaxassisliklarni o’rganishlari uchun bepul trening markazlari yaratish.

Respondentlarning taxminan 20% butun ta’lim tizimini o’zgartirish zarurligini ta’kidlashgan. Ular quyidagi g’oyalarni taqdim etdilar:

·        ta’lim va treningda tezlashtirilgan o’quv dasturlari yaratish,

·        kirish imtihonlarini hamma uchun sodda va adolatli qilish,

·        ish beruvchilar bilan yaqin aloqa o’rnatish va ko’proq universitetlar ochish,

·        oliy ta’lim uchun imtiyozli kreditlar joriy etish

Respondentlarning 5%ga yaqini an’anaviy mentalitetni hisobga olgan holda hozirgi vaziyatni yaxshilash uchun hech narsa qilib bo’lmaydi, deb o’ylashadi yoki nima qilish mumkinligini bilishmaydi. Ta’lim sohasi, sog’liqni saqlash va ish joylaridagi korrupsiya respondentlarning 4%i tomonidan aytib o’tilgan. Qolgan respondentlarning da’vo qilishicha, imtiyozli kreditlar ko’rinishidagi moliyaviy yordam vaziyatni yaxshilashi mumkin.

Xulosa

So’rov natijalari shuni ko’rsatadiki, ta’lim olish va ish bilan ta’minlanish ko’p yoshlarning muammosi hisoblanadi. To’g’ridan-to’g’ri  so’rovda ishtirok etgan yoki so’rovda tilga olingan NEET yoshlarning ko’pchiligi kasbiy ta’lim olishgan va ularning ko’pchiligi mos bo’sh ish o’rinlari yo’qligi, ish tajribasi yo’qligi yoki zarur sertififkat/diplomga ega emasliklari sababli ish topa olishmaydi. Yoshlarning ko’pchiligi o’qish uchun yuqori to’lovlar tufayli ta’limni davom ettira olishmaydi. NEET yoshlar ichida nogironligi bo’lgan yoshlar ham borki, ular turli darajadagi tashkilotlar va ta’lim muassasalarida nogironligi bo’lgan shaxslar uchun barcha zarur sharoitlar mavjud emasligiga e’tibor qaratishgan. Shuningdek, oilada nogironligi bo’lgan shaxsning bo’lishi ham yoshlar uchun o’qish yoki ishlashni qiyinlashtirishi mumkin, chunki ular g’amxo’rlik qilishlari kerak. Bundan tashqari, so’rov natijalari umuman o’qish yoki ishlash istagi yo’q yoshlar ham borligini ko’rsatadi. Motivatsiya yo’qligining asosiy sabablarini tushunish uchun ko’proq tadqiqotlar o’tkazish talab etiladi.

So’rov natijalari shuni ko’rsatadiki, respondentlarning to’rtdan biri NEET yoshlarga yo’naltirilgan davlat dasturlari haqida bilishadi. Ammo, hatto bunday dasturlar bilan tanish bo’lganlar ham ikkitadan ko’p dasturni ayta olishmaydi.

Respondentlar tomonidan taqdim etilgan takliflar arzon narxlarda malaka oshirish imkoniyatini beruvchi treninglar, stajirovka imkoniyati, korruptsiyani qisqartirish va yoshlarga qo’shimcha moliyaviy ko’mak berishga qaratilgan.


Ю-Репорт жамоасидан маълумот: Сўров натижасида олинган маълумотлар ЮНИСЕФнинг ушбу мавзуга муносабатини билдирмайди, статистик маълумот эмас ва сўровда қатнашган 1200га яқин респондентларнинг фикри бўлиб, жамиятдаги тренд ва тенденцияларни акс эттириши мумкин.


Ijobiy ijtimoiy o'zgarishlarga erishishda yoshlarning fikrlarini qanday qo'llayotganimizni raqamlarda ko'ring.
MASHG'ULLIK BAYONI
UNICEF logo