Mulohazalar Hikoyalar Haqida Mashg'ullik Hozir qo'shiling
STORY
Maktabgacha boʻlgan yoʻl qanchalik xavfsiz?

 

U-Report UNICEFning sogʻliqni saqlash boʻlimi, Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda soʻrov oʻtkazdi.

 

Soʻrov maqsadi: maktablar atrofidagi yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida maktab oʻquvchilari va yoshlarning fikrini oʻrganish, hamda uni takomillashtirish yoʻllarini topish.

 

Soʻrov natijalari maktablar atrofida yo'l harakati xavfsizligi boʻyicha strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun qo’llaniladi.

 

Soʻrov geografiyasi: Oʻzbekistonning barcha viloyatlari.

 

Respondentlar soni: 7500 dan ortiq U-Report foydalanuvchilari.

 

 

 

 

SOʻROVNING ASOSIY XULOSALARI:

1.       Respondentlarning 33%i maktablari atrofida yoʻl harakati xavfsizligini (YHX) ta’minlash boʻyicha hech qanday choralar koʻrilmagan deb javob berdi.

2.       Maktab atrofida YHXni ta’minlash uchun eng keng tarqalgan choralar "Bolalar" (18%) va "Tezlikni cheklash" (14%) yoʻl belgilari oʻrnatilgani.

3.       Aksariyat (75%) respondentlarning javoblariga koʻra, maktab oʻquvchilari maktabga asosan piyoda boradilar. Toshkent shahrida maktabga piyoda boradigan oʻquvchilar ulushi boshqa viloyatlarga nisbatan bir muncha pastroq (62%).

4.       Respondentlarning yarmi (51%) maktabga olib boruvchi yoʻllar xavfsiz emas deb hisoblaydi. Toshkent shahrida bunday oʻylaydiganlar ulushi kattaroq (60%).

5.       39% respondentlar maktablardagi YHX va yoʻl harakati qoidalari boʻyicha darslarni oʻqitish sifatini "oʻrtacha" baholadi. Soʻrov ishtirokchilarining 17%i ushbu darsni oʻqitish sifati pastligi yoki dars boʻlsa ham, uni oʻqitadigan oʻqituvchining yoʻqligiga shikoyat qilishgan.

6.       Respondentlarning katta qismi (70%) yoʻl harakati qoidalari boʻyicha oʻz bilimlarini "yaxshi" deb baholadi, yana 3% respondentlar bu qoidalarni bilmasligini belgiladi.

7.       Faqat 37% respondentlargina maktabida YHX boʻyicha plakatlar va qoʻshimcha koʻrgazmali materiallar mavjud deb javob berdi.

8.       Oʻquvchilar uchun YHXni ta’minlash boʻyicha amalga oshirilayotgan choralar haqida ma’lumot olish uchun quyidagi 3ta axborot kanali eng qulay: (1) televideniye (24%), (2) ijtimoiy tarmoqlar (23%) va (3) YHXBB mutaxassislari bilan uchrashuvlar (21%).

9.       YHX oshirish boʻyicha eng koʻp tanlangan takliflar quyidagilardir:

-      YHXBB mutaxassislarini darslarga taklif qilish (19%);

-      Yoʻl harakati qoidalarini maktabda oʻrgatish (18%);

-      Piyodalar va velosipedlar uchun yoʻlaklarini tashkil qilish (16%);

-      Maktab atrofida mashinalar uchun tezlikni 30km/soatgacha cheklash.

 


 

UNICEF va Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan soʻroviga 9811 U-Reportyor qiziqish bildirdi. Soʻrov maktabga olib boruvchi yoʻldagi harakat xavfsizligi bilan bogʻliq boʻlganligi sababli, tahlil uchun maktabga boradigan yoki oilada maktab oʻquvchisi bor respondentlar tanlab olindi. Shunday qilib, ushbu soʻrovda qatnashganlarning soni 7500dan ortiq kishini tashkil etdi.


Ishtirokchilarning aksariyati Toshkent shahri (16%), Samarqand va Fargʻona viloyatlariga (har bir viloyatda 10% dan) toʻgʻri keldi. Eng kam respondentlar esa Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida qayd etildi (har birida 4% dan).



Gender boʻyicha, yigit respondentlar 61% ni va qizlar 37% ni tashkil qilgan boʻlsa, 2% respondentlargina oʻz jinslarini oshkor etishmadi.

Yoshi boʻyicha esa, barcha respondentlarning 25%i 30 yoshdan kattalarga toʻgʻri keldi. U-Report auditoriyasi (14-30 yosh) orasida 18 va 19 yoshdagi foydalanuvchilar (har biriga 7%dan) ushbu soʻrovda faolroq ishtirok etishdi.


Respondentlarning 1/3 qismi oʻzlari yoki oila a’zolari boradigan maktab atrofida yoʻl harakati xavfsizligini (YHX) ta’minlash boʻyicha hech qanday choralar koʻrilmagan, deb javob berdi. Ushbu javobni tanlaganlarning eng yuqori foizi (44%) Sirdaryo viloyatida qayd etilgan. Shuningdek, Surxondaryo (42%) va Jizzax (41%) viloyatlaridagi respondentlarning aksariyati maktab atrofida oʻquvchilarning xavfsizligini ta’minlash boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmaganligini ta’kidlab oʻtishdi. Navoiy viloyati (21%) va Qoraqalpog'iston Respublikasida (24%) boshqa viloyatlarga nisbatan kamroq respondentlar maktablar atrofida YHX choralari yoʻq deya e’tirof etdilar.

Soʻrov natijalariga koʻra, maktablar atrofida yoʻl harakati xavfsizligini ta’minlash boʻyicha eng ommabop choralar "Bolalar" belgisi (18%) va tezlik cheklovi (14%) ekan. Biroq, chizmadan koʻrinib turganidek, bu savolga javob berishda hududlararo farqlar mavjud. Masalan, Buxoro viloyatida yoʻldagi suni’iy balandliklardan koʻproq (21%) foydalanilgan ekan.

"Boshqa" javob variantini koʻrsatgan 4% respondentlar quyidagilarni yozdilar:

·       Bir nechta variantni tanladilar;

·       Maktab mahalla/turar joy mavzesi ichida joylashgan, shu sababli yoʻllar xavfsiz;

·       Yer usti piyodalar oʻtish joyi tashkil qilingan;

·       YHXBB xodimi maketi oʻrnatilgan.

 

Respondentlar O'zbekistonda maktab oʻquvchilarining aksariyati (75%) maktabga piyoda borishini bildirgan. Viloyatlar oʻrtasida bu savolga javob berishda sezilarli farqlar mavjud emas. Faqatgina Toshkent shahrida boshqa viloyatlardan farqli oʻlaroq maktabga piyoda boruvchi respondentlar ulushi bir muncha kamroq (62%). Toshkentda 17% oʻquvchilarni ota-onasi oʻz mashinalarida bolalarni maktabga olib boradi, 9%i esa avtobusdan, 6%i taksidan va 2%i metrodan foydalanishi ma’lum boʻldi.





Respondentlarning 51% iga koʻra, maktabga boradigan yoʻllar xavfsiz emas.

Hududlar kesimida ba’zi tafovutlar mavjud. Masalan, yoʻllarning xavfsizligi poytaxtliklarni koʻproq tashvishga soladi, ularning 60%i "Yoʻq", ya’ni “yo’llar xavfsiz emas” deya javob berdi. Bunday respondentlarning ulushi Surxondaryo (56%) va Buxoro (54%) viloyatlarida ham yuqori.

Sirdaryolik respondentlarning yarmi, aksincha, maktabga eltuvchi yoʻllar xavfsiz deb javob berdi.

  

Yosh nuqtai nazaridan bu savolga javob berish yaqqol farqlarni ajratish mumkin. Yoshi kattaroq boʻlgan respondentlar (30 yoshdan katta) maktab atrofidagi yoʻllar xavfli degan fikrga koʻproq qoʻshiladilar: 68%i ushbu variantni tanlagan. Taqqoslash uchun, 15 yoshli respondentlarning 22 foizigina maktabga boradigan yoʻl xavfli deb hisoblaydi.


Respondentlarning katta qismi yoʻl harakati qoidalari boʻyicha oʻzlarining bilimlarini "yaxshi" (70%) va "a’lo" (19%) deb baholadi.

Yosh qatlamlari oʻrtasida farq mavjud emas: ham yoshi kichik, ham yoshi katta respondentlar oʻz bilimlarini birdek yuqori baholagan. Shuningdek, hududlar oʻrtasida ham sezilarli farq mavjud emas. Yagona oʻziga xos jihati shundaki, Toshkent shahridagi respondentlar boshqa viloyatlarga nisbatan koʻprog’i (30%) oʻz bilimlarini "a’lo" deb baholadi.

Gender jihatidan esa biroz farq kuzatildi. Masalan, yoʻl harakati xavfsizligi qoidalarini bilish boʻyicha oʻz bilimini a’lo baholagan yigitlar ulushi 22% boʻlsa, qizlar orasi bu koʻrsatkich 15%ni tashkil etdi.

 

Respondentlarning 8 foizigina ularning maktablarida xavfsizlik va yoʻl harakati qoidalari bo'yicha darslar juda sifatli va batafsil oʻtkazilishini ta’kidladi. Soʻrov ishtirokchilarini 11%i darslarjuda yomonoʻtilishini belgilagan boʻlsa, 6% respodentlar oʻquv dasturida bunday dars boʻlsa ham, bu soha boʻyicha oʻqituvchining yoʻqligini aytib oʻtgan. Bu muammo ayniqsa Sirdaryo viloyatida jiddiyroq: bu viloyatdagi respodentlarning 9% bu darsni oʻtish uchun oʻqituvchi yoʻqligini ta’kidladi.

20% respondentlarning maktabida bu dars umuman oʻtilmaydi. Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida respondentlarning 25%i ushbu yoʻnalishda ixtisoslashtirilgan darslar yoʻqligini belgiladi.