Mulohazalar Hikoyalar Haqida Mashg'ullik Hozir qo'shiling
STORY
Talabalar turar joylarida qanday muammolar bor?

 

U-Report Yoshlar ishlari agentligi va Toshkent shahar hokimiyati bilan hamkorlikda yoshlar oʻrtasida soʻrov oʻtkazdi.

 

Soʻrov maqsadi: yoshlarni yotoqxonalar boʻyicha qanday muammolar tashvishga solayotgani va ularning yechimini nimada koʻrayotganliklarini aniqlash.

 

Soʻrov geografiyasi: Oʻzbekistonning barcha viloyatlari

 

Respondentlar soni: 9282 U-Report foydalanuvchilari. Ayni damda yotoqxonaga ehtiyoji bor 4050 ta respondentning javoblari tahlil qilindi.

 

Jami soʻrovda ishtirok etgan talabalarning 27% hozirda yotoqxonada yashaydi, 35% xona ololmaganini ta’kidladi, va yana 17%i yotoqxonada zarurati borligini, lekin u yerdagi sharoitlar yomonligini e’tirof etdi.

 

 

 

 

SOʻROVNING ASOSIY XULOSALARI:

1.       Respondentlarning 85%i xususiy yotoqxonalar tashkil qilinishini qoʻllab-quvvatlaydi: shulardan 33%iga u yerda yaratiladigan sharoitlar qanday bo’lishi ularning tanlovida muhim ahamiyat kasb etadi.

2.       Respondentlarning aksariyati (92%) xususiy yotoqxonalarning narxlari talababop, ya’ni arzonlashtirilgan boʻlgan taqdirda, u yerda yashash uchun haq toʻlashga tayyorligini bildirdi.

3.       Respondentlarning 43%i hozir yashayotgan joyi uchun oyiga 200 ming soʻmdan kam haq toʻlaydi, 26%i esa 500 ming soʻm va undan ortiq mablag’ toʻlaydi.

4.       Respondentlarning 53%i yotoqxonalarning har bir qavatida umumiy hammom, xojatxona va oshxonalar boʻlishini yetarli deb hisoblaydi.

5.       Respondentlarning fikriga koʻra, agar xonaning narxi undagi odamlarning soniga bogʻliq boʻlsa, unda:

- 42%i ikki kishi boʻlib yashash;

- 31%i uch kishi boʻlib yashash;

- 15%i toʻrt kishi boʻlib yashash tarafdori.

6.       Respondentlarning yarmi xususiy yotoqxonalarda joriy qilinishi mumkin boʻlgan qoʻshimcha pullik xizmarlarga haq toʻlashga tayyor: yigitlar ulushi 56%ni tashkil qilsa, qizlar orasida bu koʻrsatkich 37% boʻldi.

7.       Yoshlar yotoqxonada: 23%i kutubxona, ikkinchi oʻrinda sport zali (21%), uchinchi oʻrinda esa kompyuter xonalari (16%) bo’lishi tarafdori. Shu bilan birga, gender boʻyicha bu savolda farqlar kuzatildi.

8.       Respondentlarning 80%i OTMga borish uchun yotoqxona transport xizmatidan foydalangan boʻlardi: ularning 47%i bu xizmat narxi arzonroq boʻlsa undan foydalanishga rozi.

9.       Yotoqxonalardagi mavjud muammolar tezkor hal qilinishi uchun respondentlarning takliflari: 28%i AKT-yechimlarini  (murojaatlar uchun veb-sayt yoki mobil ilova yaratish) amalga oshirish, 18%i OTM ma’muriyati bilan muntazam uchrashuvlar tashkillashtirilish, 18%i ishonch telefonini joriy qilish samara beradi deb hisoblaydi.

10.   Respondentlarning 12%i yotoqxonadagi muammolarni tezkor hal qilish uchun muntazam ravishda U-Report soʻrovlarini oʻtkazish kerak, deb hisoblaydi.

 


 

Soʻrovda 9282 U-Report foydalanuvchisi ishtirok etdi, ammo ularning 57%i yotoqxonaga ehtiyoji yoʻqligini takidladi – 36%ining bu mavzuga aloqasi yoʻq va 21%iga yotoqxona kerak emas. Tahlilda faqat yotoqxonaga ehtiyoji bor respondentlarning javoblari oʻrganib chiqildi: ularning umumiy soni 4050 kishini yoki jami respondentlarning 43%ini tashkil etdi. Soʻrov ishtirokchilarining 12%i hozirda yotoqxonada yashaydi, 15%i esa xona ololmaganini ta’kidladi. Respondentlarning 7%i yotoqxonalardagi sharoitlar yomonligini e’tirof etdi.

 

Jizzaxlik respondentlarning 62%i yotoqxonaga ehtiyoji borligini bildirdi, Surxondaryo va Navoiy viloyatlaridagilarda ham bu koʻrsatkich boshqa viloyatlarga nisbatan balandroq (o'rtacha 55%dan). Toshkentlik respondentlar orasida yotoqxonaga zarurati borlar ulushi eng kam (19%), shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi (34%), Xorazm (36%) va Toshkent (37%) viloyatlaridagilarda ham.   

Yotoqxonaga ehtiyoji bor Jizzax viloyatidagilarning chorak qismi u yerdan joy ololmagan. Shuningdek, Navoiy, Fargʻona, Samarqand va Surxondaryolik respondentlarning ko’p qismi ham yotoqxonalardan joy ololmagan (har bir viloyatdagi respondentlarning 1/5 qismidan koʻprogʻi).


Respondentlarning yarmidan koʻpi xususiy yotoqxonalarni tashkil etish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlaydi, yana 1/3 qismining munosabati u yerda yaratiladigan sharoitlarga bogʻliqligini takidladi. Respondentlarning faqatgina 12%i bu gʻoyaga qarshi.

Hududlararo katta farqlar mavjud emas. Bunday turar joylarni yaratish gʻoyasini koʻproq yotoqxonalardan joy ololmagan respondentlar qoʻllab-quvvatlamoqda (57%).


Respondentlarning aksariyati (92%) xususiy yotoqxonalar narxi hamyonbop boʻlganida ularga haq toʻlashga tayyor. Faqatgina 6% respondentlar bu savolga salbiy javob bergan va 2%i javob berishga qiynalgan. Oldingi savolda boʻlgani kabi, yotoqxonalardan joy ololmagan respondentlar koʻproq qismi (94%) xususiy yotoqxonalar xizmatlari uchun pul toʻlashga tayyor.

 

Respondentlarning aksariyati (43%) yotoqxonadagi xona yoki ijaraga olingan xonadon uchun oyiga 100 mingdan 200 ming soʻmgacha haq toʻlaydi. 12% respondentlargina turar joy uchun oyiga 600 ming soʻmdan ortiq pul toʻlaydi. Respondentlarning 6 foizi xonani ijaraga olish uchun hech qanday pul toʻlamasliklarini ham ta’kidladi.

Hozirda yotoqxonada yashovchi respondentlarning 66%i xona uchun oyiga 200 ming soʻmgacha boʻlgan haq toʻlaydi. Hududlararo va gender nuqtai nazaridan ushbu savolga berilgan javoblarda sezilarli farqlar mavjud emas.

 

Respondentlarning 43%i har bir xonada xojatxona, yuvinish xonasi va oshxona boʻlishini istaydi. 40% respondentlar esa har bir qavatda bir nechta shunday xonalar boʻlishini ma’qullaydi.


Aksariyat respondentlar yotoqxona narxi bir xonada bir necha kishi turishi bilan arzonlashgan taqdirda sheriklikda yashashni afzal ko'rishadi. Respondentlarning 42%i ikki kishi boʻlib yashashni eng maqbul variant deb hisoblaydi. "Qancha ko'p bo'lsa, shuncha yaxshi" variantini respondentlarning 2%igina tanlagan. Xuddi shuncha respondentlarga xonadoshlarning soni ahamiyat kasb etmaydi.


Respondentlarning yarmi yotoqxonalarda kir yuvish, dazmollash, goʻzallik saloni va boshqa shu kabi qoʻshimcha pullik xizmatlar uchun haq toʻlashga tayyor. Ammo shuni ham ta’kidlash kerakki, qizlar bunday xizmatlarga pul sarflashga unchalik moyil emaslar. Ularning 53% bunday xizmatlar uchun pul toʻlashga tayyor emasligini ta’kidladi. Yigitlar orasida, aksincha, qoʻshimcha xizmatlarni sotib olishni xohlovchilarning ulushi 56%ni tashkil qiladi.


Ayni damda yotoqxonada istiqomat qilayotgan respondentlarning 46%i – boshqalar bilan taqqoslaganda nisbatan kam foiz – qoʻshimcha xizmatlar uchun haq  toʻlashga tayyor. Yotoqxonalardagi sharoitlarni yetarlicha yaxshi emas deb hisoblaydigan respondentlar orasida ushbu xizmatlarga pul sarflashga tayyor boʻlganlar ulushi kattaroq.


Respondentlarning 23%i yotoqxonada kutubxona boʻlishini istaydi. Kutubxonani tanlaganlarning ulushi ayniqsa qizlar orasida yuqori – 27%. Yigitlar orasida esa eng ommabop tanlov bu – sport zali (23%).

Shuningdek, 16% respondentlar yotoqxonalarda kompyuter xonalari boʻlishini ma’qullaydi. Shunisi e’tiborga loyiqki, yotoqxonada bogʻ boʻlishni istagan qizlarning ulushi yigitlarga nisbatan 2 baravar koʻp. Aksincha, agar yigitlarning 4% stadionga ega boʻlishni xohlasa, qizlarning atigi 1%i buni xohlaydi.

Toshkent shahrida kutubxonani tanlagan respondentlarning ulushi viloyatlarga nisbatan pastroq –  faqat 15%. Poytaxt aholisi yotoqxonada basseyn boʻlishni xohlaydi (15%), mamlakat boʻyicha bu koʻrsatkich oʻrtacha 7% tashkil etgan.

"Boshqa" javob variantini koʻrsatgan 11% respondentlar quyidagilarni yozdilar:

·       Barcha variantlarni tanladilar

·       Dars xonalari

·       Musiqa, raqs kabi Ijodiy mashgʻulotlar uchun zal

·       Namozxona

·       Kir yuvish mashinalari mavjud xonalar

·       WiFi qamrovi.


Respondentlarning 80%i OTMga qatnash uchun yotoqxonaning transport xizmatlaridan foydalangan boʻlardi. Ularning 47%i ushbu xizmatlardan narxi arzonroq boʻlgan taqdirda foydalanishga tayyor.

Soʻrov ishtirokchilarining 20%i bunday xizmatlardan foydalanmagan boʻlardi, shularndan 7%i jamoat transportini afzal koʻradi va boshqa 1%ida shaxsiy mashina bor. 12% respondentlar "yoʻq" deya javob berishdi va bu variantni tanlaganlar ulushi hozirda yotoqxonada yashovchilar orasida yuqori. Bu yotoqxona OTMning yaqinida joylashganligi bilan bogʻliq boʻlishi ham mumkin.

 

Respondentlarning 18%i ishonch telefonining tashkil etilishi yotoqxonalardagi mavjud muammolarni tezroq hal qilishga yordam beradi, deb ishonadi. Yotoqxona masalalari boʻyicha veb-sayt yoki mobil ilova yaratish kabi variantlar ham koʻp ovozga ega boʻldi – har biri 16%dan.

U-Reportda muntazam soʻrovlar oʻtkazish orqali muammolarni aniqlash va hal qilishni 14% respondentlar qoʻllab-quvvatlaydi. Respondentlarning fikriga koʻra, yotoqxonalardagi sharoitlarni yaxshilashda komendant bilan muntazam uchrashuvlar eng samarasiz chora ekan (2%). Shuningdek, murojaatlar uchun qutilar tizimini takomillashtirish ham faqatgina 5% respondentlar ovoziga ega boʻldi.