Mulohazalar Hikoyalar Haqida Mashg'ullik Reports Hozir qo'shiling
U-Reportga qo'shiling, Sizning fikringiz muhimdir.
STORY
Yoshlar IPV vaktsinasi haqida nimani bilishadi?

U-Report yordamida UNICEF ning Sogʻliqni saqlash boʻlimi yoshlarda inson papilloma virusi (IPV) haqida xabardorligi va yoshlarning IPV ga qarshi emlashga boʻlgan munosabati bo’yicha so’rov o’tkazdi. Ushbu maʼlumotlar IPV ga qarshi emlash haqida xabardorlikni oshirishda tavsiyalarni ishlab chiqish uchun zarur boʻladi.

Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, bachadon boʻyni saratoni koʻkrak bezi saratonidan keyin 2-chi o’rinda bo’lib, Oʻzbekistonda barcha yoshdagi ayollar orasida eng koʻp uchraydigan saraton hisoblanadi. Bachadon boʻyni saratonini asosan inson papilloma virusi (IPV) keltirib chiqaradi.

IPVga qarshi emlash 2019 yil oktyabr oyidan boshlab Oʻzbekistonda joriy etiladi. 9-14 yoshdagi qizlar uchun u bepul amalga oshiriladi. Emlash erta yoshda, jinsiy faoliyat boshlanishidan oldin yoki jinsiy faoliyatning dastlabki yillarida samaralidir va kamida 10 yil davomida amal qiladi.

 Tadqiqotda mamlakat boʻylab qariyb 3000 respondent ishtirok etdi.

 

SOʻROVNING ASOSIY NATIJALARI:

 1. Respondentlarning 70 %ga yaqini inson papilloma virusi (bachadon boʻyni saratoniga olib keluvchi virus), shuningdek, ushbu virusni yuqtirish usullari haqida ma’lumotga yoki toʻgʻri tasavvurga ega emas.

 2. Soʻralganlarning 64 %i oʻzlari IPV ga qarshi emlashga tayyorlar yoki oʻz yaqinlariga IPV ga qarshi emlashni tavsiya qiladilar.

 3. Soʻralganlarning 36 %i IPV ga qarshi emlatishni xohlashmaydi yoki unga ishonmaydilar. IPV ga qarshi emlatishga ikkilanishining asosiy sabablari: inson papilloma virusi haqida toʻliq va ishonchli maʼlumotlarning yoʻqligi, emlovning vujudga kelishi mumkin bo’lgan salbiy taʼsiridan qoʻrqish va salbiy oqibatlari haqida har xil mish-mishlar.

 4. Agar IPVga qarshi emlash haqida dilemma yuzaga kelsa, respondentlarning 66%i hal qiluvchi fikr sifatida shifokorning fikriga quloq solgan boʻlardilar va 19% respondentlar bu masalada ota-onalariga ishonishlarini aytib o’tishdilar.

 

Respondentlarning 54 %i inson papilloma virusi haqida tushunchaga ega emasligini aytishdi. Shu bilan birga, respondentlarning 12 %i virusni havo orqali yuqishi mumkin yoki irsiy kasallik bo'lishi mumkin deb, xato javob berdilar.

Inson papilloma virusini yuqtirish usullari to’g’risidagi keyingi savolga javoblar ham shunga o'xshash foizga teng bo'ldi. So'ralganlarning 51 %i inson papilloma virusini qanday yuqtirish mumkinligini bilmasligini aytib o’tishdi. Respondentlarning 17 %i esa to'g'ri javob bera olmadi.

 Aslida, inson papilloma virusi (IPV) asosan boladan onaga tug’riq paytida, IPV shilliq parda bilan bevosita aloqada bo’lganda, masalan, jinsiy aloqa paytida yuqishi mumkin.

 IPV dan saqlanish uchun jinsiy hayot boshlanishidan avval yoki birinchi yillarida virusga qarshi emlatish kerak. IPV irsiy kasallik emas.

 

Respondentlar IPVga qarshi vaksinatsiyaga tayyorligini so'rashimizdan oldin, biz inson papilloma virusi haqida va qanday qilib virusni yuqtirishdan himoya qilish mumkinligi haqida ma'lumot berdik  (yuqoriga qarang).


Shundan so'ng, so'rov ishtirokchilariga IPVga qarshi emlash uchun o'zlari tayyorliklarini yoki yaqinlariga IPVga qarshi emlashni tavsiya qilishlarini so'radik. Respondentlarning 64% ijobiy javob berdi.

 Biz "ikkilanaman" variantini tanlagan respondentlardan (14%) - nima uchun ular shubhalanishlarini so'radik va quyidagi javoblarni oldik:

 1. IPV virusi, uning yuqtirish usullari, va ular keltirib chiqaruvchi kasallik belgilari / alomatlari haqida to'liq va ishonchli ma'lumotlarning yo'qligi.

2. IPV ga qarshi emlovning vujudga kelishi mumkin bo’lgan salbiy taʼsiridan qoʻrqish; IPV emlovining sifatiga ishonchsizlik.

3. IPV emlovining mumkin bo'lgan salbiy ta'siri haqida mish-mishlar mavjudligi (bepushtlik, immunitet pasayishi va boshqalar).

 

Bundan tashqari, respondentlar bir qator savollar, fikrlar bilan bo’lishdi va bezovta ekanligini bildirishdi: hammasi insonning o'ziga bog'liq - normal jinsiy hayot kechirilsa, unda virus ham yuqmaydi;  atrofdagilarning tushunmasligi, ayiblashi mumkimligi yoki bu muhokama qilish uchun "noqulay mavzu" ekanligi; ushbu vaktsinaning qayerda qilinishi haqida bilmasligi, tasdiqlangan va tekshirilgan vaktsinaligi haqida gumonlar; vaktsinalarni umuman rad etish va boshqalar.

 

U-REPORTERLAR FIKRI:

“Shartmi? shunchalik xavflimi? vaksinani foydasi bormi?".

"Bu qanchalik haqiqatga yaqin ekanini bilmayman, lekin bu emlashning reproduktiv tizimga ta'sir qilishi mumkinligini va bepusht bo'lib qolishingiz mumkinligi haqida eshitgan edim".

«Hali uylanmaganman! Onamga yoki opa-singilimga, aytishga a'ndisha qilaman! Agar bu kasallik haqida yanada toliq malumot olib, uning qanchalik xavfli ekanligini tushunsam albatta, tavsiya qilar edim!»

«Men erkakman, biroq bu vaksinani rad etishga sabab bo'lib hizmat qilmasa, unda albatta emlataman».

«Chunki ushbu vaksinaning foydali yoki zararli ekanligi haqida ishonchli malumotga ega emasman».

«Sababi 3 ta farzandim bor, rafiqam sog'lom, kelajakda farzandlarimga emlatishni tavsiya qilaman, chunki kelajak avlodda kasallik rivojlanishini hohlamayman».

«Menga kerak emasdek tuyilyapti. Chunki menda pala partish jinsiy hayоt yoq».

«Birinchi marta eshitishim bu haqida, agar turmushga chiqvotganimda shu kerakligini aytishsa albatta hech ikkilanmay emlanishga tayyorman».

«Bilmagan narsamga ikkilanaman. Agar oilaviy shifokor maslahat bersa gap bo'lishi mumkin emas».

_________________________________________

IPV ga qarshi emlatish yoki emlatmaslik bo'yicha dilemma yuzaga kelganda, kimning fikri hal qiluvchi degan savolga, respondentlarning 66% fikriga ko'ra, bu shifokor tavsiyasi (67% erkaklar ushbu javob variantini tanlashdi, ayollarda ushbu ko'rsatkich 63% teng) va respondentlarning 19% IPVga qarshi emlashda hal qiluvchi ovoz sifatida ota-onalarini tanladilar (agar erkaklar orasida 17% ushbu variantni tanlagan bo'lsa, ayollar (24%) ko'proq ota-onasiga ishonishini bildirdi).

 

Izoh: Sorov natijasida olingan malumotlar UNICEF ning ushbu mavzuga munosabatini aks etmaydi, reprezentativ malumot emas va sorovda qatnashgan 3000 ga yaqin respondentlarning fikridir.

 

Ijobiy ijtimoiy o'zgarishlarga erishishda yoshlarning fikrlarini qanday qo'llayotganimizni raqamlarda ko'ring.
MASHG'ULLIK BAYONI
UNICEF logo