Ushbu so’rovnomani
U-Report “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti (https://ia.uz/) bilan hamkorlikda o’tkazdi. So’rov natijalari “Istiqbolli
avlod” tomonidan maishiy zo’ravonlikni oldini olish bo’yicha dasturni ishlab
chiqishda qo’llaniladi. Shuningdek, ma’lumotlar maishiy zo’ravonlik
ishlatishning oldini olish bilan shug’ullanuvchi davlat organlariga taqdim
etiladi.
So'nggi yillarda kun tartibiga ko'p yillar
mobaynida muhokama qilinmagan keskin savollar chiqmoqda. Xususan, maishiy zo'ravonlik
masalasi. 2018 yil sentyabrida jamoat fikrini bilish uchun maishiy zo'ravonlikni
oldini olish to'g'risida qonun loyihasi taqdim etildi. Qonunning maqsadi maishiy
zo'ravonlikni oldini olish masalalarini tartibga solish.
O'tgan yilning 2 iyulida O'zbekiston Prezidenti
ijtimoiy reabilitatsiya va moslashuv tizimini takomillashtirish, shuningdek, maishiy
zo'ravonlikni oldini olish chora-tadbirlari to'g'risida qaror qabul qildi.
O'zbekiston Respublikasida jabrlanuvchilarni reabilitatsiya qilish hamda o’z
joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi tashkil etildi.
2018 yilning oktyabrida Toshkentda zo'ravonlik
qurbonlari bo'lgan ayollar uchun reabilitatsiya markazi (shelter) ish boshladi.
Zo'ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish markazlari butun mamlakat
bo'ylab tashkil etiladi. Ayni paytda 130dan ortiq markaz tashkil etilgan.
Tadqiqot maishiy zo'ravonlik bo'yicha qabul
qilingan choralarning mantiqiy davomi bo'ldi. So’rovda 1000 dan ortiq
respondent ishtirok etdi.
Maishiy zo’ravonlik ishlatish deganda, kundalik turmushda birga yashayotgan bir yoki bir necha shaxslarning boshqa shaxsga nisbatan, uning hayoti, sog’ligi, erkinligi, jinsiy daxslizligi, sha’ni, nomusi va hokazoga tajovuz qilishga qaratilgan harakati (harakatsizligi) tushuniladi. Zo’ravonlik ishlatish jismoniy tajovuz, ruhiy holatga ta’sir qilish, jinsiy tajovuz yoki pul mablag’lari, moddiy boyliklarni jiddiy cheklash yoki yuqorida sanab o’tilganlarning hammasining birgalikda tahdid solishi bo’lishi mumkin.
So’rovning tahliliy natijalari:
1. Maishiy zo’ravonlikning guvohi yoki qurboni bo’lganlar, qayerga xabar berishlari va kimga murojaat qilishlari kerakligini bilishmagan (60% ishtirokchilar).
2. Ishtirokchilarning yarmidan ko’prog’i (54%) oilani saqlab qolish uchun kaltaklashlar, kamsitishlar va haqoratlarga chidash mumkinligi, chunki har bir holat vaziyatga bog’liq deb hisoblashadi. Shunday javob berganlarning 74%i erkaklardir.
3. Ishtirokchilar maishiy zo’ravonlikning asosiy sabablari deb odamlar o’rtasidagi o’zaro hurmat, mehr-oqibat yo’qolayotgani va yetarli ma’lumotga ega bo’lmaslik deb hisoblashadi.
Bizda maishiy zo’ravonlik muammosi bormi degan
savol yuzasidan olingan ma’lumotlarga ko’ra, deyarli 83% ishtirokchilarimiz
ijobiy javob berishgan. Bulardan yarmi miqyosini bilmasligini aytgan bo’lsa,
ikkinchi yarmi ‘jamiyat sukut saqlaydi’ deb javob bergan. 8% ishtirokchilar
ushbu muammo mavjud emas deb hisoblashadi, va qolgan 9% ishtirokchilar esa bu
savolga javob berishga qiynalishdi.
Shuni ta’kidlash joizki, ‘Ha’ deb javob
berganlar qatorida ayollarning qariyb 52%i ushbu muammo haqida jamiyatda sukut
saqlanishini aytishgan.
Ishtirokchilarning sal kam yarmi (48%) maishiy zo’ravonlik guvohi bo’lganliklarini bildirishdi. 52% ishtirokchilarimiz esa maishiy zo’ravonlik guvohi bo’lmaganliklarini aytishdi.
Tanishlari, yaqinlari o’rtasida maishiy zo’ravonlikni oldini olish uchun yordam berganliklarini ishtirokchilarimizning 55%i aytib o’tishdi: shulardan 72% erkaklar va 28% ayollar. Biroq, ishtirokchilarning deyarli uchdan bir qismi (32%) bunday vaziyatlarda nima qilish kerakligini bilishmagan, va 13% ishtirokchilarimiz esa aralashmaslikni ma’qul topishgan.
Berilgan javoblardan shu ma’lum bo’ldiki, 60%
ishtirokchilarimiz maishiy zo’ravonlikning guvohi yoki qurboni bo’lganlarida
qayerga murojaat qilishni bilmasliklarini e’tirof etdilar. Ularning 66%ni ayollar
tashkil etishdi.
Maishiy
zo’ravonlikning qurboni yoki guvohi bo’lganda, qayerga murojaat qilishni biladiganlardan
(40%), ushbu holat yuzasidan qayerga murojaat qilish kerakligini so’radik va
quyidagi javoblarni oldik:
1. Davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlar: militsiya,
prokuratura, mahalla posboni (profilaktika inspektorlari).
2. Ishonch telefon raqamlariga: Xotin qizlar
qo’mitasi, “Istiqbolli Avlod” markazi, shuningdek javoblarning orasida “Не молчи” tashkilotiga murojaat qilish variant ham uchradi.
3. Mahalla qo’mitasi.
Javoblar orasida quyidagi variantlar ham bo’ldi: tuman sudiga, virtual yoki xalq qabulxonalariga, Adliya vazirligiga, DXXga, Ombudsmanga, oila davrasida hal qilaman va boshqalar.
Yuqoridagi savolga vaziyatga bog’liq (54%) deya javob berganlarning 74%i erkaklar va 26%i ayollarni tashkil qildi. Oilani saqlab qolish uchun zo’ravonliklarga (kaltaklashlar, kamsitishlar va haqoratlashlar) so’zsiz qarab o’tirish kerak emas degan ishtirokchilarning 49%i ayollar va 51%i erkaklarni tashkil etdi. Qizig’i shundaki, ishtirokchilarning yoshi oshgan sari, bunday holat “vaziyatga bog’liq” deya javob berganlarning ulushi oshib bordi.
Maishiy zo’ravonlikning sababi nimada deb
so’ralganda, quyidagi javoblar olindi:
-
Insonlar
mehr-oqibatni unutishmoqda – 37% respondentlar,
-
Savodxonlikni
pastligi – 23%,
-
Oiladagi
pul muammosi – 15%,
-
Jabrlanganlarning
o’zi sababchi – 7%.
Faqatgina 2% ishtirokchilar maishiy
zo’ravonlikning asosiy sabablaridan biri qilib OAV va Internetta zo’ravonliklar
ko’pligini bildirishdi.
Maishiy
zo’ravonlikning sababi boshqa deb javob bergan respondentlardan (15%), biz
ushbu muammoga o’zlarining sabablarini so’radik. Quyida eng ko’p uchragan
javoblar keltirilgan:
1. Ma’naviy boylik, madaniyat va diniy
qadriyatlarning tushunchalari odamlarda yetishmasligi yoki yo’qligi.
2. Bolalarning noto’g’ri ta’lim-tarbiyasi.
3. Majburiy nikoh, oila ishlariga aralashish.
4. Oilaning moliyaviy ahvoli (yo’qchilik yoki
to’qchilik).
5. Odamlarda psixologik muammolarning borligi.
Maishiy zo’ravonlikni oldini olish uchun respondentlar o’zlarining takliflarini berdilar, va biz bu takliflarni bir nechta kategoriyalarga ajratdik:
Iqtisodiy-ijtimoiy
Siyosiy-huquqiy
Ma’naviy
Ish o’rinlarini ko’paytirish
Odamlarning
huquqiy savodxonligini oshirish
Barcha davlat va
nodavlat idoralarida ma’naviyatni mustahkamlash
Yuqori turmush darajasini ta’minlash
Tegishli organlar tomonidan insonlarning
oilaviy sharoitlarini o’rganib chiqishi
Yoshlarning orasidagi
zo’ravonliklarga barham berish
Odamlarni ko’proq ta’lim olishini qo’llab- quvvatlash
Huquqni muhofaza
qilish organlari hodimlarini doimiy malakalarini oshirishi
Ota-onalar bilan
profilaktika ishlarini olib boruvchi markazlar tashkil etish
Boshlang’ich ta’lim sifatini yaxshilash
Maishiy zo’ravonlikni
ishlatayotgan shaxslarga nisbatan pullik jarimalar joriy etilishi
Ijtimoiy tarmoqlarda oilaning
muqaddasligi to’g’risida ko’rsatuvlar, filmlar va seriallar sonini oshirish
U-REPORTYORLAR FIKRI:
«Birinchi navbatda
maktabdagi zo’ravonliklarga e’tibor berish kerak! Ushbu muammoga
professionallik bilan yondashish va professional bolalar psixologlarini jalb
etish kerak».
«Bepul psixologik yordam berish markazlarini ochish kerak. Oilaning
barcha a’zolari uchun turmush o’rtog’i va bolalarga qanday munosabatda bo’lish
kerakligi to’g’risida majburiy psixologik treninglar o’tkazish kerak.
Shuningdek, maishiy zo’ravonlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish kerak».
«Ommaviy axborot vositalari orqali odamlarni oila va oiladagi qadriyatlar
to’g’risida tarbiya olib borish kerak».
«O’zbek oilasida erkak har doim haq va ayol uchun ajrashish uyat degan
tushunchalar bor. Ko’pchilik ayollar jamiyat tomonidan ayblanishi sabab sabr
qilishga majbur bo’lishadi».
«1. To’yni ongi yetgan yoshda qilish… 2. Yigitlar ayollarimiz bilan
to’g’ri va adolatli muomalada bo’ladigan erkaklarga aylanishi… 3. Ota onalar
o’zlarining farzandlariga to’g’ri tarbiya berishi kerak… 4. Yuqori ajirim
ko’rsatgichiga ega bo’lgan bu mamlakatda maktab dasturlariga yoshlarni to’g’ri
xatti-harakatlarga o’rgatadigan va haqiqiy erkak va munosib ayollar bo’lib
yetishishiga ko’maklashadigan “oila hayoti” yoki “erkaklar va ayollar
munosabati” degan shunga o’xshash fanlar kiritish kerak».
«O’quv yurtlarida bolalar va kattalarga o’zini qanday tutish mumkin va
lozim ekanligi to’g’risida mutaxassislar tomonidan dasturlar ishlab chiqishlari
kerak».
«Ijtimoiy tarmoqlarda, yangiliklarda, anonim so’rovlarda va zo’ravonlikka
qarshi dasturlarda to’g’ri kontentga ega, odamlarga yordam beradigan guruhlar
tuzilishi kerak».
«Shaxsiy istak, huquq va erkinlikni huquq tomonidan muhofaza qilish;
oilada ma'naviyat va ma’rifatni tatbiq etish; jamiyatning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, oilaviy
munosabatlar sohasida qonun ustuvorligini mustahkamlash; maishiy
zo’ravonlikning sabablarini va ularni oldini olish masalasida chora-tadbirlarni
aniqlash, o’rganish va ko’rib chiqish kerak».
«Ахолини маънавий
дунё қарашини кенгайтириш
керак, уларни саводхонлигини ошириш,
маънавий кадриятларимиз , урф -
одатларимизни ва дунёвий
билимларни ўрганишлари керак. Келажак авлодни
замонавий, миллийлигимизни унутмаган холда тарбиялашимиз
керак».
«Insonlar
har qanday sharoitda ham bir birlarini tushunishlari va qo'llab quvvatlashlari
lozim. ota-onalar bu narsalar haqida yoshligidan tushuntirishlari kerak».
«Ҳар бир инсон ўз ҳуқукларини ва шу ўринда мажбуриятларини тўлиқ англаб етишлари лозим ана шунда хар қандай низоларни ҳам ўз вақтида ечимини топса бўлади».
Agar maishiy zo’ravonlik
qurboni bo’lgan bo’lsangiz va Sizga yordam kerak bo’lsa, O’zbekiston
Xotin-qizlar qo’mitasining 1146 ishonch telefoniga qo’ng’iroq qiling.
Yaqinlaringizga mehrli bo’lishga harakat qiling.
Izoh:
So’rov natijasida olingan
ma’lumotlar UNICEF ning ushbu mavzuga munosabatini aks etmaydi, reprezentativ
ma’lumot emas va so’rovda qatnashgan 1000 dan ortiq respondentlarning fikridir.